Янгиликлар
PREZIDENT STIPENDIYALARI QANDAY BERILADI
PREZIDENT STIPENDIYALARI QANDAY BERILADi
Vazirlar Mahkamasining 02.05.2023 yildagi “Davlat oliy ta’lim muassasalari, respublikadagi хorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalarini moddiy hamda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 181-son qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Davlat oliy ta’lim muassasalarining qoʻshma ta’lim dasturlari asosida tahsil olayotgan hamda respublikada faoliyat yuritayotgan хorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallari va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Ta’lim muassasasi har yili 15 oktyabrga qadar joriy oʻquv yili uchun stipendiya oluvchi talabalar soni hamda ularga toʻlanadigan stipendiya miqdorini hisoblaydi va byudjetdan zarur mablagʻlar ajratilishi yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga soʻrovnoma kiritadi.
Vazirlik 1 noyabrga qadar joriy oʻquv yili uchun stipendiya toʻlovlariga sarflanadigan mablagʻlarni toʻliq hajmda oʻtkazib beradi.
Stipendiyalarni toʻlash Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktyabrdagi “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi 226-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Shuningdek, Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan yetim va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalarini хarid qilish хarajatlarini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida nizom tasdiqlandi.
Talabalarga moddiy yordam uchun ariza oliy ta’lim muassasasi tomonidan
15-sentyabrga qadar topshiriladi, Vazirlik tomonidan 1-oktyabrga qadar ularning hisobvaraqlariga oʻtkazib berilishi nazarda tutilgan.
Moddiy yordam berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 21-noyabrdagi “Yetim bolalar va ota-onasining yoki boshqa qonuniy vakillarining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 739-son qarori bilan belgilangan.
Qibray tumani Adliya bo’limi yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti A.Aliyev