Янгиликлар
Mashina qanday hollarda jarima maydonchasiga joylashtiriladi? Muhim qoidalar
Mashina qanday hollarda jarima maydonchasiga joylashtiriladi? Muhim qoidalar
YXXP xodimi mashinangizni to‘xtatib, siz yo‘l harakati qoidalarini buzganligingiz va buning uchun mashinangizni jarima maydonchasiga olib borishini aytdi.
Xo‘sh, avvalambor, mashina qanday hollarda jarima maydonchasiga joylashtiriladi? Jarimani to‘lamasa ham, mashinani “qamash” mumkinmi? Mashinani jarima maydonchasidan olib chiqish uchun qanday hujjat kerak? Jarima maydonchasida turgan mashinaga nimadir bo‘lsa, uni kim to‘laydi? Ushbu maqolada Hudud24.uz sayti kolumnisti Murodjon Najmiddinov shu savollarga javob beradi.
Mashina qanday hollarda jarima maydonchasiga joylashtiriladi?
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasiga asosan ichki ishlar xodimlari avtomashinalar faqatgina quyidagi holatlarda “qamalishi” – jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin:
1) tormoz, rul boshqaruvi yoki ulovchi qurilma nosoz yoki ruxsatnomasiz qayta jihozlangan mashinani boshqarish;
2) foydalanish taqiqlangan mashinalarni, davlat raqam belgisi o‘zboshimchalik bilan yechib olingan mashinalarni boshqarish;
3) davlat raqam belgisi yasama yoki o‘zgartirilgan mashinalarni, boshqa mashinani raqami qo‘yilgan mashinalarni;
4) ruxsatnomasiz yuk mashinalarini boshqarish, yuk tashish qoidalaridan, ruxsat berilgan yo‘ldan chetga chiqish;
5) ruxsatnomasiz “tonirovka” qo‘yish;
6) ruxsatsiz tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish, davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish;
7) piyodalar yo‘lkalaridan yurish, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmaslik;
8) transport vositalarini mast holda boshqarish;
9) hujjatlarsiz mashina haydash, sug‘urta polisi, malaka oshirish sertifikatidan tashqari;
10) mastlikka test topshirishdan bosh tortish;
11) yo‘l-transport hodisasi yuz bergan joydan ketib qolish;
12) ichki ishlar organi xodimining transport vositasini to‘xtatish to‘g‘risidagi qonuniy talabini bajarmaslik
13) epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish, transport vositalarining harakatlanishiga cheklovlar buzilishi qismida
14) ov qilish va baliq ovlashning taqiqlangan qurollarini yoki vositalarini tayyorlash, olib kirish, saqlash, tashish yoki yuborish, olish yoxud sotish, bunda huquqbuzarlikni sodir etishda mashinadan foydalanishda.
Boshqa holatlarda ham mashinalarni jarima maydoniga joylashtirishi mumkinmi?
Javob – HA. Boshqa holatlar bo‘yicha harbiy avtomobil inspeksiyasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi, bojxona organlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va uning joylardagi bo‘linmalari, chegara qo‘shinlari, harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi mansabdor shaxslari ham mashinani jarima maydoniga joylashtirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
Shuningdek, jarima solish haqida qaror chiqqan kundan boshlab 60 kun ichida jarima to‘lanmasa, mashina jarima solish to‘g‘risida qaror chiqargan vakolatli organ rahbarining yozma ko‘rsatmasiga binoan jarima solish to‘g‘risidagi qarorning ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar ushlab turiladi.
Demak, mashina jarima maydonchasiga qo‘yish uchun 2 ta asos bo‘lishi kerak:
Jarima solish haqida qaror chiqarilgan kundan e’tiboran 60 kun ichida jarimani to‘lamagan bo‘lishingiz;
Transport vositasiga jarima solish to‘g‘risida qaror chiqargan organ rahbarining yozma ko‘rsatmasi.
YPX xodimi qo‘lida sizga jarima solgan organ rahbarining yozma buyrug‘isiz, shunchaki elektron bazadan tekshirib, jarimangiz bor, deb mashinani jarima maydonchasiga olib ketishga haqli emas.
Mashinani jarima maydonchasidan olib chiqish uchun qanday hujjat kerak?
Javob – hech qanday. Transportni jarima maydonidan olib chiqishga ruxsat berish to‘g‘risidagi xabar jarima maydoni egasiga “Jarima maydonchasi” tizimi orqali yuboriladi. Shuningdek, bu xabar haydovchining telefoniga SMS tarzida ham yuboriladi.
Jarima maydonchasida turgan mashinaga nimadir bo‘lsa, uni kim to‘laydi?
Agar jarima maydonchasida turgan mashinaga nimadir bo‘lsa, zararni qoplash jarima maydonchasi egasiga yuklatiladi. Agar to‘lashdan bosh tortsa, mashina egasi sudga, prokurorga yoki ichki ishlarga murojaat qilishi mumkin.
Bo‘stonliq tumani adliya bo‘limi
YuXKM boshlig‘i U.Tulaganov