Янгиликлар
Nuqsonli buyum qancha muddat ichida almashtirib berilishi kerak?
Nuqsonli buyum qancha muddat ichida almashtirib berilishi kerak?
– O‘g‘lim xarid qilgan telefon nuqsonli ekan. Sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni qancha muddat ichida almashtirib berishi kerak?
– “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuning 14-moddasiga ko‘ra, iste’molchi tovarning ishlab chiqarilishiga, tuzilishiga, tarkibiga doir kamchiliklarni yoki boshqa nuqsonlarni aniqlagan taqdirda sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) uni ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovarga yetti kunlik muddatda, tovar sifatini sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan qo‘shimcha ravishda tekshirish zarur bo‘lganida esa, iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun ichida almashtirib berishi shart.
Ayni shunday markali (modelli, artikulli) tovar bo‘lmagan taqdirda, iste’molchining almashtirib berish xususidagi talabi da’vo qilingan paytdan e’tiboran bir oy ichida qondirilishi kerak. Cho‘l va olis joylarda, tovarlar vaqti-vaqti bilan olib boriladigan joylarda iste’molchining bunday talabi ushbu joylarga navbatdagi tovar yetkazib berish uchun ketadigan muddat ichida, lekin ikki oydan kechiktirmay qondirilishi lozim.
Ana shu muddatlarning o‘tkazib yuborilgan har bir kuni uchun sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) iste’molchiga almashtirilgan tovarni berish bilan bir vaqtda tovar bahosining bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘laydi.
Bo‘stonliq tumani adliya bo‘limi
YuXKM boshlig‘i U.Tulaganov