Янгиликлар
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash shartlari qanday?
Oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish va ularga bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash shartlari qanday?
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bolalar nafaqasi va moddiy yordamni tayinlash shartlari keltirib o‘tilgan. Unga ko‘ra:
Oila:
2021 yilning 1 sentyabridan — oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad 440 ming so‘mdan oshmaganda;
2022 yildan boshlab — oilaning har bir a’zosiga jami bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan oshmaganda kam ta’minlangan deb e’tirof etiladi.
Bunda oilaning daromadlari kam ta’minlanganlik mezoniga muvofiqligini aniqlashda minimal iste’mol xarajatlarining yangi miqdori Statistika agentligi tomonidan rasman e’lon qilingan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun taqdim etilgan arizalarga qo‘llaniladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam ushbu Nizomda belgilangan tartibda oila a’zolarining taqdim etgan arizalariga asosan “Yagona reestr” AT orqali kam ta’minlangan oila deb e’tirof etilgandan so‘ng tayinlanadi.
“Yagona reestr” AT orqali kam ta’minlangan deb e’tirof etilgan oilalar (shaxslar) qo‘shimcha hujjatlar va ma’lumotnomalarni taqdim etmasdan, qonunchilik hujjatlarida ushbu toifadagi oilalar (shaxslar)ga belgilangan tartibda bepul yoki imtiyozli shartlarda ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlardan foydalanishga haqlidir.
Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha tayinlanadi va to‘lanadi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam ushbu Nizomda belgilangan tartibda ariza beruvchi murojaat qilgan oydan keyingi oydan boshlab to‘lanadi.
Oilaning muomalaga layoqatli istalgan a’zosidan biri (otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs, 18 yoshga to‘lgan, o‘z oilasiga ega bo‘lmagan (ota-onasi, ulardan biri yoxud ularning o‘rnini bosuvchi shaxs bilan birga yashovchi) bolasi yoki oilaning farzandlikka olingan bolasi yoxud vasiylikka olingan shaxslar) ariza beruvchi bo‘lishi mumkin.
Har bir oila tomonidan bolalar nafaqasi va moddiy yordam uchun ariza topshirish va “Yagona reestr” ATga kiritish bir oyda bir marta amalga oshiriladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lashning belgilangan muddati tugagach, ariza beruvchi ushbu nafaqa yoki moddiy yordamni yangi muddatga tayinlash uchun ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Bunda bolalar nafaqasi va moddiy yordam olish uchun ariza oldingi davrda tayinlangan ushbu nafaqa yoki moddiy yordamni to‘lash muddati tugayotgan oydan keyingi oyda beriladi. Takroriy murojaatlar umumiy belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Bo‘stonliq tumani adliya bo‘limi
YuXKM bosh yuriskonsulti A.Abdugaffarov