Янгиликлар
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish va uni tiklash tartibi qanday amalga oshiriladi ?
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish va uni tiklash
tartibi qanday amalga oshiriladi ?
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonunining 18–22-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish: umumiy tartibda; soddalashtirilgan tartibda; alohida tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning umumiy tartibi chet davlat fuqarosiga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:
a) chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirgan bo‘lsa;
b) fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga yashash guvohnomasi olingan kundan e’tiboran va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida uzluksiz besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan bo‘lsa;
v) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo‘lsa;
g) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga olsa;
d) davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa. Davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ushbu modda birinchi qismining «b» bandida nazarda tutilgan shart O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bilan nikohda bo‘lgan va nikoh tuzilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi hududida turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda uzluksiz uch yil davomida yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunda, agar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bir yil ichida O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga jami bir yuz sakson uch kundan ortiq bo‘lmagan muddatga chiqqan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida yashalgan muddat uzluksiz deb hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi chet davlat fuqarosi bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hisoblangan vatandoshga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:
a) O‘zbekiston Respublikasi hududida yashaydigan va O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan, nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan loaqal bitta o‘zidan oldingi qarindoshga ega bo‘lsa;
b) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega bo‘lsa;
v) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga olsa;
g) davlat tilini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa.
Ushbu modda birinchi qismining «a» bandida nazarda tutilgan shart ilm-fan va ilmiy faoliyat, texnika, madaniyat hamda sport sohasida katta yutuqlarga ega bo‘lgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi uchun manfaatli kasbga yoxud malakaga ega bo‘lgan vatandoshga va (yoki) uning oila a’zolariga nisbatan hisobga olinmasligi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi materiallarni ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan shaxslarga berish maqsadga muvofiqliligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi. Qabul qilingan qaror asosida shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini berish to‘g‘risida kafolat xati beriladi, agar ushbu shaxs fuqarosi bo‘lgan davlat fuqaroligidan chiqadigan bo‘lsa. Kafolat xatining amal qilish muddati bir yil. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasining qaroriga binoan kafolat xatining amal qilish muddati yana bir yilga uzaytirilishi mumkin. Kafolat xati ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi tomonidan ariza beruvchiga yoki uning qonuniy vakiliga topshiriladi yoxud pochta orqali yuboriladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq ariza beruvchi chet davlat fuqaroligidan chiqqanligi haqida hujjat taqdim etganidan keyin amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti milliy manfaatlardan kelib chiqib, chet davlatlarning fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ushbu Qonunning 19 va 20-moddalari talablari qo‘llanilmagan holda O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini berishi mumkin.
Agar ilgari O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan shaxsning fuqaroligi ushbu Qonun 25-moddasi birinchi qismining «a» va «g» bandlariga muvofiq yo‘qotilgan bo‘lmasa, u O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash to‘g‘risida iltimosnoma bilan murojaat qilish huquqiga ega. Iltimosnomada O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligining tugatilish sabablari ko‘rsatiladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish ushbu Qonunning 19, 37 va 38-moddalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini bir martadan ortiq tiklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bekobod shahar
Adliya bo‘lim boshlig‘i J.Norqo‘ziyev