Янгиликлар
29
TILANCHILIK QILISH HAQIDA BILASIZMI?
TILANCHILIK QILISH HAQIDA BILASIZMI?
Jinoyat Kodeksi 1271- -moddasiga ko’ra:
Aeroportlarda, vokzallarda, xiyobonlarda, istirohat bog‘larida, bozorlarda va savdo majmualari hududlarida, shuningdek ularga tutash hududlarda, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, bekatlarda, yo‘llarning qatnov qismida, moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan hududlarda, jamoat transportining barcha turlarida va boshqa jamoat joylarida pul, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy qimmatliklar berishni faol tarzda so‘rab, tilanchilik bilan shug‘ullanish, shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy holati buzilgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek shaxslarga alkogolli ichimliklarni yoxud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste’mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, —
bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab;
v) boshqa shaxsni giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilishga majburlagan holda sodir etilgan bo‘lsa, —
uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ohangaron tuman Adliya bo‘limi
yuridik xizmat ko‘rsatish markazi
bosh yuriskonsulti Xujaqulov Sardorjon G‘anibek o‘g‘li