Янгиликлар
6-savol: “Oʻzini yakkalash” hayot tarzi qanday huquqiy asosga ega, u nimani koʻzda tutadi?
6-savol: “Oʻzini yakkalash” hayot tarzi qanday huquqiy asosga ega, u nimani koʻzda tutadi?
Javob: “Karantin” yoki boshqacha aytganda “cheklovchi tadbirlar” – yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan maʼmuriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlardir (“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonun).
Cheklovchi tadbirlar (karantin)ni oʻtkazish tartibi va muddati Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, joylardagi davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi.
Prezident farmoyishi bilan (F–5537-son, 29.01.2020-y.) Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Maxsus respublika komissiyasi tuzildi.
Hukumat qarori bilan (176-son, 23.03.2020-y.) Maxsus komissiya karantin yoki cheklovchi tadbirlarni kiritish boʻyicha vakolatlarga ega boʻldi.
Maxsus komissiya vaziyat tahlilidan kelib chiqib, bosqichma-bosqich u yoki bu cheklovchi tadbirlarni joriy etib bormoqda, masalan xalqaro, viloyatlararo va tumanlararo harakatlanishni, ayrim tashkilotlar faoliyatini, tadbirlar va majlislar oʻtkazilishini cheklamoqda.
Oʻz navbatida, “oʻzini yakkalash” – bu alohida chora emas, balki cheklovchi tadbirlardan biri, yaʼni karantin chorasidir. “Oʻzini yakkalash” hatto inson oʻzini sogʻlom his qilgan taqdirda ham boshqa odamlar bilan aloqani cheklash yoki iloji boricha kamaytirishni koʻzda tutadi.
Karantin paytida bemorlar tibbiy yoki maxsus muassasalarda tibbiyot xodimlari kuzatuvi ostida boʻlsalar, sogʻlom kishilar oʻzini yakkalashlari lozim. Masalan, ular (1) koʻchaga chiqmasligi, (2) bunga zarurat tugʻilganda ijtimoiy masofa saqlashi, niqob taqib yurishi, (3) uyda yoki ishda boʻlsa, boshqa shaxslar (hamkasblar, birga yashaydigan oila aʼzolari) bilan aloqani cheklashi, yaʼni ijtimoiy masofani saqlashi va hokazolarga rioya qilishi lozim.
Ayrim cheklovchi tadbirlarning oʻz vaqtida kiritilishi (transport harakatini cheklash, jamoat joylarini yopish, majburiy ravishda niqob taqish va hokazolar) Oʻzbekistonda COVID-19 ommaviy tarqalishining oldini olish imkonini berdi. Boshqa mamlakatlar haqida bunday deb boʻlmaydi. Italiya va Ispaniyada qatʼiy cheklov choralari kiritilgach, vaziyat asta-sekinlik bilan yaxshilanib borayotgani haqida xabarlar berildi.
Biroq tahlillar koʻrsatishicha, ayrim cheklov tadbirlari joriy etilgandan keyingi aniqlanayotgan koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatlari hamkasblar, oila aʼzolari orasida uchrashda davom etmoqda, chunki mazkur doirada yetarli xavfsizlik choralari koʻrilmayapti. Shu munosabat bilan zararlanish yoki aksincha boshqalarga yuqtirish xavfini minimal darajaga tushirish maqsadida “oʻzini yakkalash” choralariga amal qilish kerak.
“Oʻzini yakkalash”ga karantin choralaridan alohida qarash yaramaydi, u karantinning tarkibiy qismi yoki bir koʻrinishi hisoblanadi va bunda “oʻzini yakkalash”ga oid munosabatlar karantin qoidalari bilan bir xil tarzda tartibga solinadi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim “ekspertlar” karantin tadbirlarining huquqiy tabiati toʻgʻrisida yolgʻon xabarlar tarqatmoqda. Bu xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi va Oʻzbekiston aholisini chalgʻitmoqda. Bunday harakatlar javobgarlikni, hattoki jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaruvchi jiddiy huquqbuzarlik sifatida baholananishi mumkin.
Shu munosabat bilan ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar maʼmurlari va moderatorlari, shuningdek blogerlar bunday mualliflarning faoliyatini cheklashga yordam berishi va yolgʻon xabarlar tarqatish uchun minbar yaratib bermasliklari maqsadga muvofiq sanaladi.
Nurafshon shahar YXKM
Markaz boshligʻI F.Nazarov