Янгиликлар
NOQULAY TABIIY-IQLIM SHAROITLARIDAGI ISH UCHUN HAR YILGI QO‘SHIMCHA TA’TIL.
NOQULAY TABIIY-IQLIM SHAROITLARIDAGI ISH UCHUN HAR YILGI QO‘SHIMCHA TA’TIL.
MK 483-moddasiga ko‘ra, noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun har yilgi qo‘shimcha ta’til qaysi joylarda ishlaganlik uchun mehnat haqiga tegishli koeffitsientlar belgilangan bo‘lsa, o‘sha joylarda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlarga beriladi.
Tabiiy-iqlim sharoitlari noqulay hududlarning ro‘yxati va bunday sharoitlardagi ish uchun beriladigan yillik qo‘shimcha ta’tilning eng qisqa davomiyligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ichki hujjatlarda noqulay tabiiy-iqlim sharoitlaridagi ish uchun ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan yillik qo‘shimcha ta’tillar belgilanishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentyabrdagi 743-son qaroriga 1-ilova “Tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylarda ishlovchi xodimlar mehnatiga haq to‘lashga tuman koeffitsientlarini, shuningdek, ularga har yili beriladigan qo‘shimcha ta’tilning eng kam muddatini belgilash va qo‘llash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (https://lex.uz/docs/4502806#4504206) mulkchilik shakllaridan qat’i nazar tashkilotlar tomonidan tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylarda ishlaganlik uchun mehnatga haq to‘lashga tuman koeffitsientlarini va yillik qo‘shimcha ta’tillarni belgilash shartlarini tartibga soladi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari bilan belgilangan miqdordagi tabiiy-iqlim sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylarda ishlaganlik uchun eng kam yillik qo‘shimcha ta’til, agar xodim to‘liq ish yilida ishlagan taqdirda beriladi.
Agar xodim ish yilida to‘liq ishlamagan bo‘lsa, mehnatning tabiiy-iqlim sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylarda ishlaganlik uchun qo‘shimcha ta’til muddati qo‘shimcha ta’tilning to‘liq miqdorini o‘n ikkiga bo‘lish va to‘liq ishlangan oylar soniga ko‘paytirish orqali ishlangan vaqtga mutanosib ravishda belgilanadi.
Qarorga ko‘ra, tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylarda ishlovchi xodimlar uchun 1 ish kunidan 6 ish kunigacha qo‘shimcha mehnat ta’tili nazarda tutilgan.
Tabiiyki, shu o‘rinda savol tug‘iladi? MK 221-moddasida xodimlarning har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarining davomiyligi kalendar kunlarda hisoblab chiqarilishi belgilanganku? Qarorda esa ta’til davomiyligi ish kunida turibdi. Demak, bu holatda MK 221-moddasi 3-qismini qo‘llaymiz. Unga ko‘ra, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ayrim toifadagi xodimlarga beriladigan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarining davomiyligi olti kunlik ish haftasi hisobidan kalendar bo‘yicha ish kunlarida hisoblab chiqariladi. Ushbu qoida ta’tillar ish kunida berilgan boshqa qonunchilik hujjatlariga ham tatbiq qilinadi. Masalan, quyida tahlil qiladigan PF-3079-son farmonda ham ta’til ish kunlari hisobida berilgan.
Yangiyoʻl shahar adliya boʻlimi
Yuridik xizmat koʻrsatish markazi
boshligʻi Sh.Roʻzieva