Янгиликлар
Yer uchastkalaridan qidiruv ishlari uchun foydalanish tartibi qanday?
Yer uchastkalaridan qidiruv ishlari uchun foydalanish tartibi qanday?
Geologiya-suratga olish, qidirish, geodeziya va boshqa qidiruv ishlarini amalga oshiruvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlar bu ishlarni belgilangan tartibda qabul qilingan qarorlar asosida barcha toifadagi yerlarda yer egalaridan, yerdan foydalanuvchilardan, ijarachilardan hamda mulkdorlardan yer uchastkalarini olib qoʻymagan holda ommaviy servitut asosida amalga oshirishi mumkin.
Geologiya-suratga olish, qidirish, geodeziya va boshqa qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun ommaviy servitut qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsatnoma olgan yoki ushbu ruxsatnomani bergan tashkilotning murojaatiga asosan viloyat va Toshkent shahar hokimining qarori bilan belgilanadi.
Sugʻoriladigan haydov yerlarida, bogʻlarda, tokzorlar, tutzorlar, mevazorlar, tubdan yaxshilash ishlari amalga oshirilgan pichanzorlar va yaylovlarda, oʻrmon oʻsimliklari bilan qoplangan yerlarda qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun ommaviy servitut bir yildan ortiq boʻlmagan muddatga belgilanadi, zarur hollarda bu muddatni uzogʻi bilan yana bir yilga uzaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
Qidiruv ishlarini olib boruvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ish davomida buzilgan yer uchastkalarini belgilangan maqsadlarda foydalanish uchun oʻz hisoblaridan yaroqli holatga keltirishlari va yer egalariga, yerdan foydalanuvchilarga, yer uchastkalarining ijarachilariga hamda mulkdorlariga topshirishlari, yerlar, ekinzorlar, dov-daraxtlar, oʻrmonlar, suvlar va boshqa tabiat obyektlarining, truboprovodlar, oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlari, melioratsiya tarmoqlari va boshqa inshootlarning yaroqli holda saqlanishini taʼminlash choralarini koʻrishlari, shuningdek yer uchastkalarini vaqtincha egallab turish munosabati bilan yer egalariga, yerdan foydalanuvchilarga, yer uchastkalarining ijarachilariga hamda mulkdorlariga yetkazilgan zararni (shu jumladan boy berilgan foydani) qoplashlari shart.
Parkent tumani adliya boʻlimi YUXKM
bosh yuristkonsulti M.M.Payziyev