Янгиликлар
Oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) qanday tartibda amalga oshiriladi?
Oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) qanday tartibda amalga oshiriladi?
Oʻzganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) — koʻchmas mulk (yer uchastkasi, boshqa koʻchmas mulk) egasining qoʻshni yer uchastkasidan, zarur hollarda esa boshqa yer uchastkasidan ham cheklangan tarzda foydalanish huquqidir.
Servitut quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin:
oʻzganing yer uchastkasi orqali piyoda yoki transportda oʻtish;
oʻzganing yer uchastkasida drenaj ishlari oʻtkazish;
oʻzganing yer uchastkasidan elektr uzatish, aloqa liniyalari va truboprovodlar, irrigatsiya, muhandislik va boshqa liniyalar hamda tarmoqlar oʻtkazish va ulardan foydalanish;
oʻzganing yer uchastkasidan ekinzorlarni va qishloq xoʻjaligi hayvonlarini sugʻorish uchun suv olish;
qishloq xoʻjaligi hayvonlarini oʻzganing yer uchastkasi orqali haydab oʻtish;
oʻzganing yer uchastkasida ihota daraxtlari ekish va tabiatni muhofaza qilishga taalluqli boshqa obyektlar barpo etish.
Servitut boshqa maqsadlarda ham belgilanishi mumkin.
Servitut, uni belgilashni talab qilgan shaxslar bilan oʻzga yer uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi va mulkdori oʻrtasidagi shartnomaga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sud qaroriga binoan belgilanadi.
Jamoat ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan hollarda servitut ushbu Kodeksga muvofiq viloyat va Toshkent shahar hokimi tomonidan ham belgilanishi mumkin (ommaviy servitut).
Servitut toʻgʻrisidagi shartnoma davlat roʻyxatiga olinishi lozim va u yer uchastkasi boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda ham saqlanib qolinadi. Servitut toʻgʻrisidagi shartnoma uni belgilashga sabab boʻlgan asoslar oʻz ahamiyatini yoʻqotgan taqdirda, bekor qilinishi mumkin.
Servitut belgilanishi yer egasini, yerdan foydalanuvchini, yer uchastkasining ijarachisi va mulkdorini ushbu yer uchastkasiga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqidan mahrum etmaydi.
Parkent tumani adliya boʻlimi YUXKM
bosh yuristkonsulti M.M.Payziyev