Янгиликлар
Ota-onalik huquqini amalga oshirish
Ota-onalik huquqini amalga oshirish
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 75-moddasiga asosan-Ota-onalik huquqi bolalar manfaatlariga zid tarzda amalga oshirilishi mumkin emas. Bolalar manfaatlarini taʼminlash ota-ona gʻamxoʻrligining asosini tashkil qilishi lozim.
Ota-onalik huquqini amalga oshirishda ota-ona bolalarining jismoniy va ruhiy sogʻligʻiga, axloqiy kamolotiga zarar yetkazishga haqli emas. Bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qoʻpollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan xoli boʻlishi kerak.
Oʻz ota-onalik huquqini bolalarining huquq va manfaatlariga zid tarzda amalga oshirayotgan ota-ona qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Bolalarning taʼlim-tarbiyasiga taalluqli barcha masalalar bolalar manfaatidan kelib chiqqan va ularning fikrini hisobga olgan holda ota-ona tomonidan oʻzaro kelishuv asosida hal etiladi. Agar ota-ona oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlsa, ular (ulardan biri) bu kelishmovchiliklarni hal qilish uchun vasiylik va homiylik organiga yoki sudga murojaat qilishga haqlidir.
Ota-ona alohida yashaganda bolalarning qayerda yashashi ota-onaning kelishuviga binoan belgilanadi. Ota-ona oʻrtasida kelishuv boʻlmasa, nizo sud tomonidan bolalar manfaatlaridan kelib chiqib, ularning fikrini hisobga olgan holda hal etiladi. Bunda sud, bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bogʻlanib qolganligini, bolaning yoshini, ota-onasining axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola oʻrtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining mashgʻulot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini hisobga oladi.
Parkent tumani adliya boʻlimi YUXKM
bosh yuristkonsulti D.P.Tojiboyev