Янгиликлар
Yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish)
Yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish)
Oʻzbekiston Respublikasi Yer toʻgʻrisidagi kodeksning 23-moddasiga asosan- Yer uchastkalarini mulk qilib berish (realizatsiya qilish), doimiy foydalanish uchun va ijaraga berish yer ajratish tariqasida amalga oshiriladi.
Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1) mulk qilib berish (realizatsiya qilish) — qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq, shu jumladan yakka tartibda uy-joy qurish hamda uy-joyni obodonlashtirish, tadbirkorlik, shaharsozlik faoliyatini va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish uchun elektron onlayn-auksion vositasida;
2) doimiy foydalanishga berish — ushbu Kodeksning 20-moddasida nazarda tutilgan hollarda viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan;
3) ijaraga berish — ochiq elektron tanlov va elektron onlayn-auksion vositasida, shuningdek ushbu Kodeksning 24-moddasida nazarda tutilgan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan. Xususiy mulk boʻlgan yer uchastkasini ijaraga berish uning mulkdori tomonidan amalga oshiriladi.
Egalikdagi, foydalanishdagi, ijaradagi va mulk qilib berilgan yer uchastkasini berish (realizatsiya qilish) ushbu Kodeksda belgilangan tartibda faqat shu yer uchastkasi belgilangan tartibda olib qoʻyilganidan (qayta sotib olinganidan) va davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin amalga oshiriladi.
Sanoat korxonalari, temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari, aloqa va elektr oʻtkazish liniyalari, magistral truboprovodlar qurish uchun, shuningdek qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa ehtiyojlar uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar yoki qishloq xoʻjaligi uchun yaroqsiz boʻlgan yerlar yoxud qishloq xoʻjaligining sifati yomon yerlari beriladi (realizatsiya qilinadi). Oʻrmon fondiga qarashli yerlardan mazkur maqsadlar uchun yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) asosan oʻrmon bilan qoplanmagan maydonlar yoki buta va arzonbaho dov-daraxtlar bilan qoplangan maydonlar hisobidan amalga oshiriladi.
Berilgan (realizatsiya qilingan) yer uchastkasining chegaralari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi tomonidan naturada (joyning oʻzida) belgilanguniga hamda yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlaydigan hujjatlar berilguniga qadar mazkur yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanishga kirishish taqiqlanadi.
Yer uchastkalarini mulk qilib berish (realizatsiya qilish), ulardan doimiy foydalanish va ularni ijaraga berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Parkent tumani adliya boʻlimi YUXKM
boshligʻi S.R.Xasanboyev