Янгиликлар
Qarindoshlik
Qarindoshlik
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 57-moddasiga asosan-Bir umumiy uchinchi shaxsdan (ajdoddan) kelib chiqqan shaxslar qarindoshlar hisoblanadi. Ikki shaxs oʻrtasidagi toʻgʻri shajara boʻyicha qarindoshlikning yaqinligi qarindoshlik darajasi, yaʼni tugʻilish soni bilan belgilanadi.
Bolalar ota-onasiga nisbatan toʻgʻri shajaradagi birinchi, nevara bobosiga, buvisiga nisbatan — ikkinchi, evara katta bobosiga, katta buvisiga nisbatan — uchinchi darajadagi qarindosh hisoblanadi va hokazo.
Aka-uka, opa-singil, ularning bolalari, ota-onaning aka-uka va opa-singillari hamda ularning bolalari, bobo va buvilarning aka-uka hamda opa-singillari va ularning bolalari va shunga oʻxshashlar yon shajara boʻyicha qarindoshlar hisoblanadi va hokazo.
Toʻgʻri shajara boʻyicha qarindoshlar yon shajara boʻyicha qarindoshlarga nisbatan yaqinroqdir.
Ikki shaxs oʻrtasida qarindoshlikning uzoq-yaqinligini aniqlashda, darajalarning soni yoki shu shaxslardan birining oʻzini hisobga qoʻshmay turib, undan kelib chiqqan avlodlar soni hisobga olinadi.
Hisob ajdodlar tomon toʻgʻri shajara boʻyicha ular uchun umumiy boʻlgan shaxsga (ajdodga) qarab va undan esa, avlodlar tomon — ulardan boshqasiga qarab olib boriladi.
Tugʻishgan aka-uka va opa-singil qarindoshlikning ikkinchi darajasida, togʻa va amaki, amma va xola oʻz jiyanlari bilan qarindoshlikning — uchinchi, togʻavachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar esa — toʻrtinchi darajasida turadilar.
Parkent tumani adliya boʻlimi YUXKM
bosh yuristkonsulti D.P.Tojiboyev