Янгиликлар
O‘RQ-998-sonli Qonun bilan "O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida"gi Qonunga (04.06.2021 y. O‘RQ-692-son) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
O‘RQ-998-sonli Qonun bilan "O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida"gi Qonunga (04.06.2021 y. O‘RQ-692-son) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
O‘zgartishlarda O‘zbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid ommaviy chaqiriqlar yoki harakatlar sodir etgan, davlatlararo, milliy, diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati, tarixini obro‘sizlantiruvchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni "O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi maqbul emas deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Ro‘yxati"ga (keyingi o‘rinlarda – Ro‘yxat) kiritish nazarda tutilgan.
Xususan, Qonunning 351-moddasida belgilangan tartibda chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni mamlakatdan ma’muriy tartibda chiqarib yuborish yoxud deportatsiya qilish joriy etilmoqda.
Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni Ro‘yxatga kiritish Qonunchilik palatasi Kengashi, Oliy Majlis Senati Kengashi, maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimnomasi asosida amalga oshiriladi.
Ro‘yxat O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi.
Ro‘yxatga kiritilgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston hududiga kirishi ruxsat etilmaydi. Unga shuningdek bank hisobvaraqlari ochish, O‘zbekistonda ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, o‘ziga mulk huquqi asosida tegishli mol-mulkni begonalashtirish bundan mustasno, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishish taqiqlanadi.
Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning Ro‘yxatda turish muddati besh yilni tashkil etadi va ushbu muddat davomida uni Ro‘yxatga kiritish uchun tegishli asoslar bartaraf etilmagan taqdirda, Ro‘yxatda turish muddati besh yilga uzaytiriladi.
Tashqi ishlar vazirligi uch ish kuni ichida chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni (uning qonuniy vakilini) belgilangan tartibda bevosita yoki diplomatik kanallar orqali Ro‘yxatga kiritilganligi to‘g‘risida xabardor qiladi.
Chet el fuqarosi Ro‘yxatga kiritilganligi to‘g‘risida xabarnoma olgan kundan boshlab 10 kun ichida mamlakatdan ixtiyoriy ravishda chiqib ketishi kerak. Agar u ushbu muddat ichida ixtiyoriy ravishda chiqib ketmasa, deportatsiya qilinadi.
Deportatsiya deganda Ro‘yxatga kiritilgan va O‘zbekiston Respublikasida qonuniy asoslarda yashash va bo‘lish huquqi bekor qilingan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni mamlakatdan majburiy tartibda chiqarib yuborish tushuniladi.
Deportatsiya ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi
O‘rta Chirchiq tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti J.Bekturdiyev