Янгиликлар
Xodim hozir qamoqda, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, buyruq nusxasi hamda mehnat daftarchasi qayerga jo‘natiladi, xodimni buyruq bilan tanishtirish tartibi qanday bo‘ladi?
Xodim hozir qamoqda, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, buyruq nusxasi hamda mehnat daftarchasi qayerga jo‘natiladi, xodimni buyruq bilan tanishtirish tartibi qanday bo‘ladi?
Ushbu holatda MK 171-moddasidan kelib chiqib ish yuritasiz. Ya’ni MK 171-moddasi 2-qismiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodim yo‘q bo‘lganligi yoki hujjatlarni olishni rad etganligi munosabati bilan unga mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani hamda mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, ish beruvchi keyingi ish kunidan kechiktirmay xodimga mehnat daftarchasini olish uchun kelishi yoxud mehnat daftarchasi pochta orqali yuborilishiga rozilik berishi zarurligi haqida bildirishnoma yuborishi shart.
Demak, yuqoridagilardan xulosa qilsak, xodim avvalgi ishini davom ettirish imkoniyatini istisno etadigan jazoga hukm qilingan bo‘lsa, masalan, ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, hukm kuchga kirgach, Siz xodim bilam mehnat shartnomasini MK 168-moddasi 1-qismi 3-bandiga ko‘ra bekor qilasiz. Tabiiyki, xodimga mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani, shuningdek mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqning ko‘chirma nusxasini bera olmaysiz.
Shuning uchun yuqorida ta’kidlaganimizdek, mehnat shartnomasi bekor qilingan keyingi ish kunidan kechikmay bildirishnoma yuborib qo‘ying. Bo‘ldi, muammo hal.“Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning 5.2-bandiga ko‘ra, ishdan bo‘shagan xodimlar mehnat daftarchalarini o‘z vaqtida olmagan taqdirda, ular ishlayotgan xodimlarning mehnat daftarchalaridan alohida qilinib, tashkilot xodimlar bo‘limida 2 yil davomida saqlanadi. Ushbu muddat davomida ham yo‘qlab kelinmagan va olinmagan mehnat daftarchalari ish beruvchi arxivida 50 yil saqlanadi va ushbu muddatdan so‘ng belgilangan tartibda yo‘qotilib yuborilishi mumkin Xodimingiz ozodlikka chiqqach, ish beruvchiga murojaat qilsa, MK 171-moddasi 3-qismiga ko‘ra, xodim tomonidan o‘z vaqtida talab qilib olinmagan mehnat daftarchasi ish beruvchi tomonidan xodim mehnat daftarchasini berish to‘g‘risida murojaat qilgan kundan e’tiboran 3 kundan kechiktirmay berilishi kerak.
O`rta Chirchiq tuman yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuriskonsulti A.Ibragimov