Янгиликлар
YANGI O‘ZBEKISTONDA INSON HUQUQLARI VA ERKINLIKLARINI TA’MINLASHDA KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLARNING O‘RNI
YANGI O‘ZBEKISTONDA INSON HUQUQLARI VA ERKINLIKLARINI TA’MINLASHDA KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLARNING O‘RNI
O‘zbekiston o‘zgarmoqda, yangilanmoqda, yosharmoqda. Odamlarning ko‘z o‘ngida yangi O‘zbekiston bo‘y ko‘rsatmoqda. Yillar mobaynida atrof muhitda yuz berayotgan o‘zgarishlarga passiv tomoshabin yoki iste’molchi pozisiyasida turganlarning aksariyati endilikda voqealarning real ishtirokchisi bo‘lib, o‘zlari ham o‘zgarmoqda. Yangi O‘zbekistonda faollik, yaratuvchanlik ruhida yashash har bir inson uchun hayot taqozasi, ijtimoiy zaruratga aylandi. Yangi O‘zbekistonimizning oliy ijtimoiy mo‘ljali – mamlakatimizning Bosh qomusi bo‘lgan Konstitutsiyamizda aks etgan mohiyatan ezgu va insonparvar mazmunni hayotga joriy etishda, ayniqsa, yorqin, namoyon bo‘lmoqda. Bu ulug‘ harakat, eng avvalo, odamlarning yaratuvchanlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, inson kapitali imkoniyatlaridan samarali foydalanishga o‘tishdan iborat faoliyatda yorqin ifodasini topmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvarlik siyosatining tub mohiyati turmush tarzimizning barcha jabhalarini tubdan yaxshilash, insonlar hayotining buguni va ertasini obod etishdan iborat. Bu yangi insonparvar siyosat mamlakatimizning barcha aholisini, xususan, jamiyatimizning eng ehtiyojmand, ko‘makka muhtoj qatlamlari vakillariga ham munosib turmush sharoitlari yaratib berish, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sug‘urta to‘lab berish tartibini amaliyotga joriy etish, 4 mingdan ziyod shaxsni avf etib, erkin hayotga qaytarilishi, 10 mingga yaqin yurtdoshlarimizga O‘zbekiston fuqarosi maqomi berilishi, o‘zga yurtlarda otasining xatosi sababli xor-zor bo‘lib yurgan, urush olovi ichidagi Yaqin Sharq va Afg‘onistondan ayollar va bolalarning “Mehr” insonparvarlik tadbirlari orqali Vatanimizga qaytarilganligida namoyon bo‘lmoqda. Bu yangi ijtimoiy siyosat jamiyatimizdagi barcha ijtimoiy qatlamlarga mansub fuqarolarga mulkka ega bo‘lish, munosib ish, o‘qish, dam olish va davolanish, saylash va saylanish huquqlarini ro‘yobga chiqarilishida namoyon bo‘lmoqda. Barchamizga yaxshi ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar avvalo inson manfaatlari, uning daxlsizligiga qaratilib, mazkur jarayonda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ichki ishlar organlarining munosib o‘rni bor. Sohibqiron Amir Temur bobomiz “Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yo‘qoladi”, deb ta’kidlagan edilar. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanadi. Har qanday demokratik islohotlar samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi ham Konstitutsiya va qonun ustuvorligi ta’minlanishi bilan bevosita bog‘liq. Konstitutsiya insonlarga mamlakatida erkin yashash, o‘zini yurt himoyasida ekanligini his qilishlari uchun sharoit yaratadi. Ushbu Konstitutsiya fuqarolarga muayyan huquq va o‘z navbatida majburiyatlarni ham yuklaydi. Shu kunga qadar qabul qilingan qonun, qaror, farmon, kodeks va boshqa normativ huquqiy hujjatlarning barchasi Konstitutsiyaga asoslanadi va uni to‘ldiradi. Bugun Vatanimizda o‘tayotgan har bir kun inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolar haq-huquqlarini kafolatli himoya etish, odamlarni rozi qilish, ularni baxtli-saodatli qiluvchi yangi mazmun bilan to‘la kechmoqda. Harakatlar strategiyasining pirovard maqsadi har bir inson erki va manfaatlarini ustuvor biluvchi xalq davlatini barpo etishdan iborat. Vatanimizning barqaror taraqqiyoti uchun mavjud intellektual salohiyatni samarali ishga solish, mutaxassislarning o‘z faoliyatiga ongli yondashuvini shakllantirish, ularning shaxsiy mas’uliyat va tashabbuskorlik fazilatlarini kuchaytirish katta ahamiyatga ega. Insonning shaxsiy mas’uliyat, tashabbuskorlik hamda fidoiylik fazilatlari esa Vatanni chin dildan sevishdan, vatanparvarlikdan kuch oladi, deb alohida qayd etadilar. Vatanparvarlik taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchidir. Prezidentimiz aytganidek, “Har qanday davlat ma’naviy siyosatining asosini vatanparvarlik tarbiyasi tashkil etadi”. Bu esa odamlarni o‘z ma’naviy bisotlari, intellektual mulklarini nechog‘li o‘zlashtirishlari, kitob mutolaasiga nechog‘lik kirishishlari bilan o‘lchanadi. Shu boisdan Prezidentimiz kitob mutolaasini rivojlantirish masalasini davlatimizning ustuvor siyosati darajasiga olib chiqdi. Vatanni sevish o‘z oilasi, mahallasi, kasbi, hududi va O‘zbekistonni qadrlashda namoyon bo‘ladi.
O`rta Chirchiq tuman yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuriskonsulti A.Ibragimov