Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

22

O‘ZBEKISTONDA INSON HUQUQ VA ERKINLIKLARINI TA’MINLASH –DEMOKRATIK ISLOHOTLARNING BOSH MEZONI


O‘ZBEKISTONDA INSON HUQUQ VA ERKINLIKLARINI TA’MINLASH –DEMOKRATIK ISLOHOTLARNING BOSH MEZONI

Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar,
qabul qilinayotgan qarorlar, oldimizda turgan siyosiy tadbirlar,
mamlakatimiz, xalqimiz va millatimizning kelgusida asrlar davomida
rivojlanishiga mustahkam asos bo‘lishi, shubhasiz. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Bugungi murakkab sharoitda yurtimizda boshlangan keng qamrovli islohotlar, yangi O‘zbekistonni barpo etish sari tashlayotgan dadil qadamlarimizning bardavom bo‘lishini ta’minlash - eng asosiy vazifamiz bo‘lishi shart” Mustaqil taraqqiyot yo‘limizni tahlil qilar ekanmiz, keyingi besh yil
ichida mamlakatimiz hayotining hamma jabhalarida – siyosatda, iqtisodiyotda,
ijtimoiy va boshqa sohalarda juda katta, aytish joizki, inqilobiy
o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Xususan, mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash
demokratik islohotlarning bosh mezoniga va davlat siyosatining asosiy
ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanayotganligi hech kimga sir emas..
Zero, yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, “insonning asosiy huquq va
erkinliklarini ta’minlash O‘zbekistondagi islohotlarda eng muhim o‘rinda
turadi”. Shu ma’noda, BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan barqaror
rivojlanish maqsadlari mamlakatimizda “hech kimni e’tibordan chetda
qoldirmaslik” tamoyili asosida amalga oshirilmoqda1.
O‘zbekiston Respublikasida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan
qoidalari ustunligini tan olganligi va demokratik tamoyillarga, ayniqsa
inson huquqlarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etilganligini BMT
tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasini,
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktni,
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktni, Fuqarolik va
siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga qo‘shimcha birinchi Fakultativ
protokolni va Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga
qo‘shimcha ikkinchi Fakultativ protokolni ratifikatsiya qilinganligi va
ushbu xalqaro huquq normalari asosida milliy qonunchilik hujjatlarimiz
yaratilayotganligini amaliy isbot sifatida ko‘rishimiz mumkin.
So‘nggi yillarda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va
tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro
standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro
majburiyatlarni bajarish, shuningdek inson huquqlarini himoya qilish
masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni
faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borish maqsadida O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi
PF-6012-son Farmoni 2020 yil 22 iyun kuni qabul qilindi. PF-6012-son
Farmon bilan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining
Milliy strategiyasi”, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining
Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi», “BMTning
inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalar
xabarnomalari va qarorlarini ko‘rib chiqish yuzasidan O‘zbekiston
Respublikasi davlat organlarining o‘zaro hamkorlik qilish tartibi
to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlandi.
Inson huquqlari sohasida uzoq muddatli strategiyaning qabul qilinishi
ushbu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, inson
huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatning
xalqaro maydondagi obro‘si yanada mustahkamlanishiga, shu jumladan
O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda
indekslardagi mavqei yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo‘yicha 80 dan
ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan BMTning 6 ta asosiy shartnomaci va
4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi
yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy
qo‘mitalariga muntazam ravishda milliy ma’ruzalarni taqdim etib kelmoqda1.
Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yanada
takomillashtirish, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini
rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi
doirasida Konstitutsiyada kafolatlangan fuqarolar va yuridik shaxslarning
huquqlari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan 300 dan
ortiq (shundan 80 tasi mutlaqo yangi), Prezidentimizning 2000 ga yaqin farmon
va qarorlari, Vazirlar Mahkammasining 3000 dan ortiq qarori qabul
qilindi.
Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan demokratik
islohotlar, shuningdek, ochiq, izchil va pragmatik tashqi siyosati
mamlakatimizning xalqaro imidjini jadal o‘sishiga xizmat qilmoqda.
Xalqaro imidj – O‘zbekistonning xalqaro doiradagi ko‘rsatkichlari
majmuasidan iboratdir. Bosh qomusimizning 17-moddasida belgilanganidek,
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli
sub’yektidir.
Xalqaro biznes va investorlar oldida mamlakatning jozibadorligini
oshirishda uning xalqaro doiradagi obro‘-e’tiborini yaxshilash o‘tgan yillarga
nisbatan shakllangan salbiy fikrlardan xalos bo‘lish muhim omil
hisoblanadi.
Inson huquqlarini himoya qilish, aholi turmush darajasini oshirish,
iqtisodiy sohada erkinlikni ta’minlash, sud-huquq sohasidagi moddiy va
prosessual me’yorlarni takomillashtirishga qaratilgan islohotlar
mamlakatimizning jahon miqyosidagi o‘rni va mavqei yuksalishiga olib
kelmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar natijasi o‘laroq, O‘zbekiston “Iqtisodiy
erkinlik indeksi”da 44-o‘ringa, “Logistika samaradorligi indeksi”da
19-o‘ringa ko‘tarildi.
Yangi tahrirdagi «Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi»ning asosiy
maqsad va vazifalarining negizida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro
nufuzini mustahkamlash, mamlakatning ishonchli va mas’uliyatli sherik
sifatidagi ijobiy imidjini shakllantirish va saqlash, O‘zbekiston
Respublikasining tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va ilgari
surish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, chet el investisiyalari va
ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish, milliy tovarlar va xizmatlarni jahon
bozorlarida targ‘ib etish hamda mamlakatga sayyohlar oqimining ko‘payishi
uchun qulay tashqi siyosiy sharoitlar yaratish kabi dolzarb vazifalar turishi
bejiz emas, albatta.
Mazkur yangi tashqi siyosat konsepsiyasida belgilangan vazifalarni
bajarish uchun davlatimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan halqaro
hujjatlar, aynan inson huquqlariga oid normalarni milliy qonunchilikka
implementatsiya qilinganligi va ulardagi talablarga rioya qilinayotganligi
xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanib, O‘zbekistonning xalqaro
maydondagi obro‘-e’tiboriga salmoqli ta’sir ko‘rsatdi.
Jumladan, 2020 yil 13 oktyabrda O‘zbekiston tarixda birinchi marta uch
yillik muddatga, ya’ni 2021-2023 yillarga BMT Inson huquqlari kengashi
a’zosi etib saylandi. Bu saylovlarda O‘zbekiston eng ko‘p ovoz oldi, ya’ni
BMTga a’zo 193 davlatdan 169 tasi mamlakatimizni yoqlab ovoz berdi.
Prezidentimiz 2021 yil 22 fevral kuni BMTning Inson huquqlari
bo‘yicha kengashi 46-sessiyasining yuqori darajadagi segmenti ishida kengash
a’zosi sifatida birinchi marotaba ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha
amalga oshirilayotgan islohotlar xususida gapirib o‘tdi.
Haqiqatdan ham inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash
mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmunini
tashkil etadi:
Birinchidan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda inson
huquqlarining alohida o‘ringa egaligi, xususan, mamlakatimizda muhim
siyosiy qarorlar fuqarolarning murojaat va fikrlarini o‘rgangan holda
tahlil qilingach qabul qilina boshlandi. “Xalq davlat organlariga emas,
balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili asosida
xokimiyatning barcha bo‘g‘inlari isloh qilindi.
Ikkinchidan, mamlakatimizda gender siyosati masalalari borasida
ijtimoiy-siyosiy hayotda va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini
tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat’iy davom ettirish yo‘lga qo‘yildi.
Oxirgi yillarda mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash
masalasiga katta e’tibor qaratila boshlandi. Haqiqatdan ham, Oliy Majlisga
bo‘lib o‘tgan oxirgi saylovlar natijasida birinchi marotaba O‘zbekiston
parlamentida ayollar soni bo‘yicha BMT tavsiyalari (kamda 30 foiz) to‘liq
bajarildi. Qonunchilik palatasiga 32 foiz, ya’ni 48 nafar ayol deputatlar
saylangani, senat a’zolarining qariyb 25 foizini xotin-qizlar tashkil
etishi natijasida, dunyodagi 190 paralament ichida O‘zbekiston
parlamentining 37-o‘ringa ko‘tarilishini ta’minladi.
2019 yil sentyabr oyida 2 ta muhim qonun – “Xotin-qizlar va erkaklar
uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotinqizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul
qilindi.

Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlovchi
milliy va xalqaro hujjatlar qabul qilindi.
Prezidentimizning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi
46-sessiyasidagi so‘zining amaliy isboti sifatida 2021 yil 18 may kuni
O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi tomonidan “Nogironlar
huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyani (Nyu-york, 2006 yil 13 dekabr)
ratifikatsiya qilish haqida qonun qabul qilinganligi alohida ahamiyat kasb
etadi, negaki ushbu qonun orqali O‘zbekiston Respublikasi nogironligi
bo‘lgan shaxslar o‘z hayotining barcha sohalarida boshqalar bilan teng ravishda
huquq layoqatiga ega ekanligini tan oldi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Parlamentining 2020 yil
15 oktyabr kunidagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari
to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil
17 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy
himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi
PF-74-son Farmoni, 2021 yil 9 avgustdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga
ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash choratadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5217-son va 2021 yil 21 dekabr kunidagi
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning
bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid
qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-57-son qarorlari shular
jumlasidandir.

 

O`rta Chirchiq tuman yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuriskonsulti A.Ibragimov