Янгиликлар
INSON HUQUQLARI SOHASIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISLOHOTLARNING MAZMUN - MOHIYATI.
INSON HUQUQLARI SOHASIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISLOHOTLARNING MAZMUN - MOHIYATI.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida
O‘zbekiston xalqi inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga
sodiqligini tantanali ravishda e’lon qilib, hozirgi va kelajak avlodlar
oldidagi yuksak mas’uliyatini anglagan holda, o‘zbek davlatchiligi rivojining
tarixiy tajribasiga tayanib, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini
namoyon qilib, xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari
ustunligini tan olgan holda, Respublika fuqarolarining munosib hayot
kechirishlarini ta’minlashga intilib, fuqarolar tinchligi va milliy
totuvligini ta’minlash maqsadida insonparvar demokratik huquqiy davlat
barpo etish vazifasi qo‘yilganligi ko‘rsatilgan.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi rivojlangan mamlakatlar
ichida o‘zining Konstitutsiyasi va amalga oshirayotgan islohotlari
bilan o‘ziga xos nufuzga ega. Jumladan, mustaqillikning o‘tgan
qisqa davri mobaynida sud-huquq islohoti sohasida amalga oshirilgan ishlar ko‘lami bir necha o‘n yilliklarga tengki, uni alohida o‘rganib chiqishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Hozirgi kunda inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining xalq va virtual qabulxonalari, shuningdek,
Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha
qabulxonalari alohida o‘rin egallamoqda. Jumladan, sud-huquq sohasini
yanada demokratlashtirish, Konstitutsiya ustuvorligi, qonun oldida tenglik,
insonparvarlik, adolatlilik, sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash, sud jarayonida tortishuv tamoyillarini tatbiq etish, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish, «Habeas korpus» institutini kengaytirish, tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar qabul qilindi.
Inson huquqlari inson hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan
bo‘lib, inson huquqlaridan amalda foydalanish har bir shaxsning o‘z hayotini erkin qurishi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, tenglik va inson qadrqimmatini hurmat qilishga ko‘maklashadi. Inson huquqlari fuqarolik va siyosiy huquqlar, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar, shuningdek,
jamoaviy huquqlar majmuidir.
Inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda, nizolarni sudgacha hal
qilishda va taraflarni yarashtirishda advokatlarning vakolatlari sezilarli
darajada kengaytirildi.
Sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishda adolatni, ochiqlik va shaffoflikni
ta’minlash uchun «elektron odil sudlov» tizimi joriy etildi. Aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimi, shuningdek, Advicye.uz huquqiy ma’lumotlar tizimining imkoniyatlarini kengaytirish hamda fuqarolarga bepul huquqiy
maslahatlar xizmatini ko‘rsatuvchi «Madad» nodavlat notijorat tashkilotini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilindi.
Fuqarolarning siyosiy huquqlari va erkinliklari, fikr, so‘z va vijdon
erkinligini ta’minlashda jamiyat va davlat boshqaruvidagi keng qamrovli tub o‘zgarishlar katta ahamiyat kasb etmoqda. Parlament va jamoatchilik
nazoratining samarali mexanizmlari mustahkamlandi. Vazirlar
Mahkamasining parlament oldidagi mas’uliyati sezilarli darajada
kuchaytirildi. «Elektron parlament» va «Elektron hukumat» tizimi
rivojlantirilib, davlat xizmatlarining turlari kengaytirildi.
Oliy Majlis palatalari tomonidan inson huquqlarining holati
to‘g‘risidagi ma’ruzalar, inson huquqlarini ta’minlashda xalqaro va
mintaqaviy mexanizmlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha milliy harakat rejalari (yo‘l xaritalari)ni tasdiqlash amaliyotining yo‘lga
qo‘yilishi ham qonun ijodkorligida yangi muhim qadam bo‘ldi.
Shuningdek, ma’muriy, jinoiy, jinoyat-prosessual va jinoyat-ijroiya
qonunchiligi takomillashtirib, insonparvarlik tamoyiliga yanada
moslashtirildi. Afv etish va jamoat birlashmalarining kafilligi ostida
shaxslarni jazodan ozod qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan
ixtisoslashtirilgan umumiy tartibli jazoni ijro etish koloniyasining
yopilishi muhim insonparvar voqelik bo‘ldi. Qabul qilinayotgan choratadbirlar natijasida ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning soni qariyb, ikki yarim baravarga kamaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha
vakili (ombudsman) va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi faoliyati tubdan takomillashtirilib, bola huquqlari bo‘yicha vakil va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha
vakil lavozimlari joriy qilinib, jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida qat’iy intizom va qonuniylikni ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, shuningdek, mahkumlarni saqlash holati ustidan nazorat olib borishni ta’minlash maqsadida ular bilan yakka, guruh va
ommaviy tartibda uchrashuvlar tashkil etilmoqda.
Bundan tashqari, jazoni ijro etish koloniyalarida O‘zbekiston
Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan ariza va shikoyat qutilarining tashkil etilishi ham fikrimizning yaqqol dalilidir.
Shu bilan bir qatorda, fuqarolarning ijtimoiy va madaniy
huquqlarini ta’minlashning noyob tizimi yaratildi. «Obod qishloq», «Obod
mahalla», «Yoshlar — kelajagimiz», «Besh tashabbus» kabi 20 dan ziyod davlat
ijtimoiy dasturlari va konsepsiyalari amalga oshirildi. BMT barqaror
rivojlanish maqsadlari doirasida milliy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish,
inson taraqqiyoti bo‘yicha yuqori indeksga ega bo‘lgan (intellektual salohiyati, savodxonligi, insonning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi) davlatlar darajasiga erishishga, ijtimoiy sohaga innovatsiyalarni keng joriy etishni
ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar qabul qilindi.
Ta’lim va tarbiya sohasida ham keng ko‘lamli tub o‘zgarishlar amalga
oshirilmoqda. 2025 yilga borib, 3-7 yoshdagi bolalarning 74,5 foizini
maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni nazarda tutuvchi maktabgacha ta’lim
tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hayotga joriy etildi. Natijada,
11 yillik maktab ta’limi tizimi qayta tiklanib, bugungi kunda yurtimizda
davlat, nodavlat va xorijiy oliy o‘quv yurtlarining soni ortib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jeneva
shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining
46-sessiyasida ishtirok etib, ilk bor nutq so‘zladi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida mamlakatimizda 2021-2023 yillar
davrida ushbu tuzilma a’zosi sifatida ustuvor yo‘nalishlariga e’tibor
qaratilib, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi
bilan birgalikda Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi
deklaratsiyasi qabul qilinganining 10 yilligiga bag‘ishlangan global forumni o‘tkazish taklifi ham alohida o‘ringa ega.
Keyingi yillarda BMT Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya
to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy
harakatlar dasturiga asosan, «Yo‘l xaritasi»da belgilangan chora-tadbirlar
ijrosi bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda1.
Prezidentimiz farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida inson huquqlari
sohasida ta’lim va tarbiyaga alohida urg‘u berilgan. Bu borada maktabgacha
ta’lim va umumta’lim muassasalarida, akademik lisey va kollejlarda,
shuningdek oliygohlarda «Inson huquqlari», «Ayollar huquqlari», «Bola
huquqlari» o‘quv kurslarini joriy etish muhim vazifa sifatida belgilangan.
Bundan tashqari, Inson huquqlari milliy markazi qoshida inson
huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini
oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu kurslar BMTning bir qator yirik tuzilmalari hamda YeXHT loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan
islohotlar, yurtimizda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar va yangilanishlar davrida avvalo, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish eng muhim vazifalardan biri sanaladi.
O`rta Chirchiq tuman yuridik xizmat ko`rsatish markazi bosh yuriskonsulti A.Ibragimov