Янгиликлар
Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan so‘ngi o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida
Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilgan so‘ngi o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida
Joriy yilning 1-yanvaridan boshlab kuchga kirgan «Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunga asosan nimlar o‘zgardi?
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining «Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» O‘RQ-887-sonli qonuniga asosan 2024 yil 1 yanvardan boshlab, ishlarni viloyat sudlarida va ularga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida ko‘rish bosqichlari joriy etildi.
Unga ko‘ra, birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori yoki ajrimi ustidan apellyatsiya shikoyati (protesti) yoki xususiy shikoyat (protest), birinchi instansiya sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki ajrimi ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) yoki xususiy shikoyat (protest), birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan hal qiluv qarori, ajrimi, qarori ustidan taftish shikoyati (protesti) yoki xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkinligi belgilandi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, apellyatsiya shikoyati (protesti) sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida, sudning soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha hal qiluv qarori ustidan esa apellyatsiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin o‘n kun ichida, kassatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy ichida, taftish tartibidagi shikoyat (protest) esa birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran bir yil ichida berilishi mumkin.
Shuningdek, ushbu muddatlar o‘tkazib yuborilgan taqdirda, shikoyati (protesti) berayotgan shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra tegishli instansiya sudining sudyasi tomonidan, agar iltimosnoma shikoyat (protest) berish muddati o‘tgan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay berilgan bo‘lsa va o‘tkazib yuborilgan muddat sud tomonidan uzrli deb topilsa, tiklanishi mumkinligi belgilandi.
Bundan tashqari, qonun bilan apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyalarining ishni ko‘rish doirasi va vakolatlari belgilab berildi. Unga ko‘ra, sud ishni apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida ko‘rayotganda sud hujjatlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshiradi va yangi dalillarni o‘rganib chiqishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin. Shuningdek, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sud hujjatini to‘liq hajmda tekshirib chiqishi shartligi belgilandi.
Shu bilan birga, apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari ishni ko‘rish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksining 3722-moddasi birinchi qismining 4-bandida (bildirilgan talab bo‘yicha sud tomonidan sud hujjatining qabul qilinmaganligi) va 3724-moddasi ikkinchi qismining 2 (ish sud tomonidan sud muhokamasida ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan, ammo sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilinmagan shaxslardan biror-biri yo‘qligida ko‘rilgan bo‘lsa) va 4-bandlarida (sud ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risidagi masalani hal qilgan bo‘lsa) nazarda tutilgan asoslar aniqlanganda, apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari bo‘yicha ko‘rishga, taftish instansiyasi sudi esa Kodeks 3722-moddasi birinchi qismining 4-bandida va 3724-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, hal qiluv qarorini, ajrimni, qarorni bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rish uchun apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudiga yuborishga haqli ekanligi belgilandi.
Angren Shahar Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Raimjonova Nilufar Ikromjon qizi