Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

03

Ish haqlari oylab kechikayotgan xodimlarga qanday yo’l tutishlari lozim?


Ish haqlari oylab kechikayotgan xodimlarga qanday yo’l tutishlari lozim?

Mehnat kodeksining 253-moddasiga ko’ra, xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasida yoki ichki hujjatda, ular mavjud bo‘lmaganda esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan muddatlarda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas. Xodimlarga oylik ish haqi, qoida tariqasida, 16 kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan 2 qismga bo‘lingan holda (bo‘nakda va qolgan qismi miqdorida) to‘lanadi.

Ish beruvchi ish haqini to‘lash kechiktirilganligi uchun xodim oldida MK 333-moddasida belgilangan miqdorda moddiy javobgar bo‘ladi.

MK 333-moddasiga ko’ra, ish beruvchi ish haqini, ta’til to‘lovlarini, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlarni va (yoki) xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan boshqa to‘lovlarni to‘lash muddatini buzgan taqdirda, ularni to‘lov muddatidan keyingi kundan e’tiboran to haqiqatda hisob-kitob qilingan kunni o‘z ichiga olgan muddatgacha har bir kechiktirilgan kun uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda foizlar (pulli kompensatsiya) bilan birga to‘lashi shart.

Xodimga to‘lanishi lozim bo‘lgan pulli kompensatsiyaning miqdori O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining 10 foizi miqdorida belgilanadi.

E’tibor bering! Bu yerda “belgilanadi” jumlasi hammasiga aniqlik kiritib bo‘lgan va bu jumla biz o‘ylagandan ko‘ra ham aniq, qat’iy va ortiqcha izohga o‘rin qoldirmagan aslida. Yaxshilab qarang, to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya (birinchi qismga binoan har bir kun uchun to‘lanadigan alohida foiz summasi) Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 10 foizi miqdorida belgilanadi deyilyapti. Ya’ni, har bir kun uchun hisoblanadigan foiz miqdori konkret belgilab qo‘yilgan va bu qayta moliyalash stavkasining 10 foizidir, NUQTA! Ya’ni natija 365 kunga bo‘linmaydi!

Sud ishlaridan ayrim misollar keltiramiz. 2024 yil 22 oktyabr kuni Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasi (Asosiy ish № 2-1002-2412/29942 Apellyatsiya ishi № 3-2707/24 Raislik etuvchi sudya J.G.Sirojev, hay’at a’zolari sudyalar – G.A.Abduraxmanova va S.M.Safoyeva) birinchi instansiya sudi tomonidan moddiy huquq normasi - MK 333-moddasi noto‘g‘ri talqin qilinganligi alohida ta’kidlagan va pulli kompensatsiyani undirishda 365 kunga bo‘linmaydi degan xulosaga kelgan.

2024 yil avgust oyining 9 kuni Toshkent viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyatsiya instansiyasi (Asosiy ish №2-1107-2405/11872 Apellyatsiya ishi A-720-24 Raislik etuvchi: O.Sattarov, Hay’at a’zolari: N.Maxkamova va Z.Abduraximov) ham pulli kompensatsiyani undirishda 365 kunga bo‘linmaydi degan xulosaga kelgan.

Misol. Ish beruvchi xodimga 5 millionlik ish haqini 10 kun kechiktirdi. 5 000 000 so’m (kechiktirilgan to’lov summasi) *13.5% (Markaziy bank qayta moliyalash stavkasi )*10%=67 500 so’m.

67 ming 500 so’m * 10 kun = 675 ming so’m

Demak, ish beruvchi bu holatda xodimga har bir kechiktirilgan kun uchun 67 ming 500 so’mdan jami 675 ming so’m to’laydi. Bu hisob-kitobimiz bor yo’g’i 10 kun kechikish misolida, oylab kechiktirishni esa yuqoridagi formulamiz asosida hisoblab olasiz.

Toshkent tumani

 YXKM bosh yuriskonsulti                                       M.Kurbanov