Янгиликлар
Masofadan turib ishlovchi xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Masofadan turib ishlovchi xodimlarning mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Masofadan turib ishlash mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini ish beruvchi joylashgan yerdan, tashkilotning alohida tuzilmasidan (shu jumladan boshqa yerda joylashganlaridan) ish beruvchining bevosita yoki bilvosita nazoratida bo‘lgan statsionar ish joyidan, hududdan yoki obyektdan tashqarida bajarishdan iborat bo‘lib, bunda mazkur mehnat vazifasini bajarish hamda uni bajarish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ish beruvchi bilan xodim o‘rtasida hamkorlikni amalga oshirish uchun axborot-telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish shart bo‘ladi.
Masofadan turib ishlovchi xodimlarga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarning amal qilishi ushbu paragrafda belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda tatbiq etiladi.
Masofadan turib ishlash rejimi quyidagi hollarda belgilanishi mumkin:
xodimni ishga qabul qilishda;
xodim odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazilgan taqdirda ish jarayonida.
Muayyan ish beruvchida ishlayotgan shaxsning avvalgi mehnat vazifasini davom ettirgan holda odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazilishi mehnat shartlarining o‘zgarishidir.
Xodimning odatdagi ish rejimidan masofadan turib ishlash rejimiga o‘tkazilishi, agar bunda xodimning mehnat vazifasi o‘zgarsa, boshqa ishga o‘tkazish hisoblanadi.
Ish beruvchi bilan:
mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarishning butun vaqti davomida masofadan turib ishlash to‘g‘risida nomuayyan muddatga yoki muddatli mehnat shartnomasi;
ish beruvchining nazorati ostida bo‘lgan statsionar ish joyidan tashqarida doimiy asosda ishlash haqidagi shartni o‘z ichiga olgan mehnat shartnomasiga doir qo‘shimcha kelishuv tuzgan shaxslarning ishi doimiy asosda masofadan turib ishlashdir.
Vaqtincha masofadan turib ishlash xodim tomonidan mehnat vazifasini uning roziligi bilan ish beruvchining nazorati ostida bo‘lgan statsionar ish joyidan tashqarida vaqtincha bajarilishini nazarda tutuvchi ish rejimidir. Vaqtincha masofadan turib ishlashda mehnat shartnomasi taraflarining roziligi bilan masofadan turib ishlash rejimining muddati shart qilib ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Masofadan turib ishlash rejimining muddati quyidagilar vositasida aniqlanishi mumkin:
kun, oy va boshqa muddatlarda masofadan turib ishlashning umumiy muddati davomiyligini ko‘rsatish;
masofadan turib ishlash boshlanadigan va tugallanadigan kalendar sanani belgilash;
yuz berishi bilan masofadan turib ishlash rejimi muddati tugashiga olib keladigan hodisani aniqlash (epidemiya munosabati bilan joriy etilgan karantin choralarining bekor qilinishi, tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlar, ishlab chiqarish avariyasi oqibatlarining bartaraf etilishi va boshqalar).
Vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishning eng ko‘p muddati bir yildan oshmasligi kerak.
Vaqtincha masofadan turib ishlash muddati tugagach, ish beruvchi xodim uchun u masofadan turib ishlash rejimiga o‘tguniga qadar ishlagan avvalgi ish rejimini belgilashi shart. Agar masofadan turib ishlashga o‘tish vaqtincha bo‘lgan bo‘lsa, ish beruvchi xodimning o‘tkazilish muddati tugashi bilan unga avvalgi mehnat vazifasi bo‘yicha ishini ham berishi shart.
Tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega halokatlar, ishlab chiqarishdagi avariyalar, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar, shuningdek yong‘inlar, toshqinlar, zilzilalar, epidemiyalar yoki epizootiyalar ro‘y bergan taqdirda hamda aholining yoxud uning bir qismining hayotiga yoki normal yashash sharoitlariga tahdid soladigan boshqa alohida hollarda ish beruvchining tashabbusi bilan xodimning roziligisiz uning vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishiga yoki o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Agar statsionar ish joyida xodim tomonidan bajariladigan ishning o‘ziga xos xususiyati ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan alohida hollarda uni ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra masofadan turib ishlashga vaqtincha o‘tishini yoki o‘tkazilishini amalga oshirish imkonini bermasa yoxud ish beruvchi xodimni masofadan turib ishlash uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, dasturiy-texnik vositalar, axborotni muhofaza qilish vositalari va boshqa vositalar bilan ta’minlay olmasa, ish beruvchi:
xodimga ta’tillar jadvaliga muvofiq yillik mehnat ta’tilini berishga;
ta’tillar jadvalida nazarda tutilgan ta’tillar berish navbatidan qat’i nazar, xodimga uning roziligi bilan tegishli ish yili uchun yillik mehnat ta’tilini berishga;
xodimning roziligi bilan unga ish haqini qisman saqlab qolgan holda ta’til berishga;
ushbu Mehnat Kodeksi 241-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan cheklovlarni hisobga olmay turib, xodimga uning roziligi bilan ish haqi saqlanmagan holda ta’til berishga;
xodim uchun to‘liqsiz ish vaqtini belgilashga haqli.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lganda ish beruvchi kamida ikki hafta oldin yozma ravishda ogohlantirgan holda xodim uchun to‘liqsiz ish vaqtini joriy etishga haqli.
Agar statsionar ish joyida xodim bajarayotgan ishning o‘ziga xos xususiyati uni vaqtincha masofadan turib ishlashga o‘tishini yoki o‘tkazilishini amalga oshirish imkonini bermasa va ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan choralarni ko‘rish imkoni bo‘lmasa, mazkur xodim o‘z mehnat vazifalarini bajarmayotgan vaqt ish beruvchiga va xodimga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bekor turib qolish hisoblanadi hamda bu vaqt uchun ushbu Menat Kodeksi 266-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, agar kattaroq to‘lov miqdori jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud ichki hujjatlarda nazarda tutilmagan bo‘lsa, haq to‘lanadi.
Angren Shahar Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Raimjonova Nilufar Ikromjon qizi.