Янгиликлар
Servitut nima?
Servitut nima?
O‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) — ko‘chmas mulk (yer uchastkasi, boshqa ko‘chmas mulk) egasining qo‘shni yer uchastkasidan, zarur hollarda esa boshqa yer uchastkasidan ham cheklangan tarzda foydalanish huquqidir.
Servitut quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin:
o‘zganing yer uchastkasi orqali piyoda yoki transportda o‘tish;
o‘zganing yer uchastkasida drenaj ishlari o‘tkazish;
o‘zganing yer uchastkasidan elektr uzatish, aloqa liniyalari va truboprovodlar, irrigatsiya, muhandislik va boshqa liniyalar hamda tarmoqlar o‘tkazish va ulardan foydalanish;
o‘zganing yer uchastkasidan ekinzorlarni va qishloq xo‘jaligi hayvonlarini sug‘orish uchun suv olish;
qishloq xo‘jaligi hayvonlarini o‘zganing yer uchastkasi orqali haydab o‘tish;
o‘zganing yer uchastkasida ihota daraxtlari ekish va tabiatni muhofaza qilishga taalluqli boshqa obyektlar barpo etish.
Servitut boshqa maqsadlarda ham belgilanishi mumkin.
Servitut, uni belgilashni talab qilgan shaxslar bilan o‘zga yer uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi va mulkdori o‘rtasidagi shartnomaga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sud qaroriga binoan belgilanadi.
Jamoat ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan hollarda servitut ushbu Kodeksga muvofiq viloyat va Toshkent shahar hokimi tomonidan ham belgilanishi mumkin (ommaviy servitut).
Servitut to‘g‘risidagi shartnoma davlat ro‘yxatiga olinishi lozim va u yer uchastkasi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda ham saqlanib qolinadi. Servitut to‘g‘risidagi shartnoma uni belgilashga sabab bo‘lgan asoslar o‘z ahamiyatini yo‘qotgan taqdirda, bekor qilinishi mumkin.
Servitut belgilanishi yer egasini, yerdan foydalanuvchini, yer uchastkasining ijarachisi va mulkdorini ushbu yer uchastkasiga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqidan mahrum etmaydi.
Yer uchastkasiga nisbatan servitut to‘g‘risidagi shartnoma yozma shaklda tuziladi.
Servitut to‘g‘risidagi shartnomada quyidagi shartlar ko‘rsatilishi kerak:
servitut belgilanishi kerak bo‘lgan yer uchastkasining kadastr raqami;
servitutni belgilashning maqsadlari va asoslari;
shartnoma taraflari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
servitutning amal qilish muddati;
servitut uchun belgilangan haq miqdori (mavjud bo‘lganda);
shartnoma taraflarining huquq va majburiyatlari hamda javobgarligi;
belgilangan servitut muddati tugaganidan keyin yer uchastkasini belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish haqidagi servitut majburiyati.
Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari hamda servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxs servitut ishtirokchilaridir.
Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari quyidagi huquqlarga ega:
servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxsdan servitutdan belgilangan maqsadda foydalanilishini talab qilish;
servitut haq evaziga belgilangan hollarda servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxsdan haqning o‘z vaqtida to‘lanishini talab qilish;
servitut muddati tugaganidan keyin yer uchastkasini belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli holatga keltirishni talab qilish;
servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxs tomonidan servitutdan shartnomada belgilangan maqsadlarda foydalanilmagan taqdirda shartnomaning bekor qilinishini talab qilish;
servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxs servitut uchun belgilangan haqni (mavjud bo‘lganda) muntazam ravishda to‘lamagan taqdirda, shuningdek unda o‘z hududiga jamoat ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan boshqa yer uchastkasi orqali o‘tish imkoniyati paydo bo‘lgan taqdirda, shartnomaning bekor qilinishini talab qilish.
Yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari:
servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxs bilan birgalikda servitut to‘g‘risidagi shartnomani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishi;
servitut to‘g‘risidagi shartnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxsga yer uchastkasidan cheklangan tartibda foydalanish imkoniyatini berishi;
servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxsga servitutdan belgilangan maqsadda foydalanilishiga to‘sqinlik qilmasligi;
yer uchastkasidan foydalanish maqsadini hisobga olgan holda, uni lozim darajadagi holatda saqlash uchun o‘z kuchi bilan va o‘z hisobidan yer uchastkasini tartibga keltirishi, qo‘riqlashi, ta’mirlashi va unga boshqacha tarzda xizmat ko‘rsatishi shart.
Servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxs quyidagi huquqlarga ega:
yer uchastkasidan servitut to‘g‘risidagi shartnomada ko‘rsatilgan maqsadlarda cheklangan tarzda foydalanish;
servitut to‘g‘risidagi shartnoma shartlari jiddiy ravishda buzilganda servitut to‘g‘risidagi shartnomaning bekor qilinishini talab qilish;
servitutdan foydalanishda yuzaga kelgan to‘sqinliklarni bartaraf etish va yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talab bilan belgilangan tartibda sudga murojaat qilish.
Servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxs servitut to‘g‘risidagi shartnomaga va qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
uchinchi shaxslar bilan yer uchastkasiga nisbatan servitut to‘g‘risida shartnoma tuzish haqida yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlaridan xabarnoma olingan taqdirda, shunday xabarnoma olingan paytdan e’tiboran yozma shaklda javob berishi shart.
Angren Shahar Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Raimjonova Nilufar Ikromjon qizi.