Янгиликлар
Tadbirkorlik faoliyatiga aralashmaslik kafolatlari
Tadbirkorlik faoliyatiga aralashmaslik kafolatlari
Davlat organlari, boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati subyektlarining qonunchilikka muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati subyektlarining faoliyatida qonunchilik buzilganligini aniqlasa, ular o‘z vakolatlari doirasida va muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bog‘liq chora-tadbirlarni ko‘rishi mumkin. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan tadbirkorlik faoliyati subyektlarining o‘zga qonuniy faoliyatiga aralashish yoki bunday faoliyatni cheklash uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.
Davlat organlariga, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga va boshqa tashkilotlarga, shuningdek ularning mansabdor shaxslariga:
bitimlar tuzish, foydani taqsimlash, ijroiya organi rahbarini va uning a’zolarini saylash (tayinlash) masalalari bo‘yicha hamda tadbirkorlik faoliyati subyektlarining boshqaruv organlari vakolatiga taalluqli bo‘lgan boshqa masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish, tadbirkorlik faoliyati subyektlariga ko‘rsatmalar va boshqa farmoyishlar berish, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno;
tadbirkorlik subyektlaridan hujjatlarga muhr bosishni talab qilish yoki hujjatlarni muhr bilan tasdiqlash to‘g‘risida talab qo‘yish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarining o‘z vakolatlari doirasida tadbirkorlik tavakkalchiligi sharoitlarida qabul qilingan, zarar ko‘rilishiga olib kelgan qarorlar uchun ularning boshqaruv organlari a’zolariga nisbatan javobgarlik choralarini ko‘rish taqiqlanadi.
Davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning va ular mansabdor shaxslarining banklar faoliyatiga, shu jumladan banklarning filiallari rahbar xodimlarini tayinlashga aralashishi, bank mablag‘lari hisobidan turli xil to‘lovlar va badallar talab qilishi taqiqlanadi. Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarning banklar kredit portfeli va aktivlarini shakllantirish bilan bog‘liq tadbirkorlik tavakkalchiliklarini boshqarish yuzasidan banklar faoliyatiga aralashishi taqiqlanadi.
Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari dehqon va fermer xo‘jaliklarining tadbirkorlik faoliyatiga, shu jumladan ushbu xo‘jaliklarning agrotexnika usullarini, yetishtiriladigan mahsulot turini tanlashiga, bu mahsulotning bahosini hamda realizatsiya qilish yo‘nalishini belgilashiga aralashishga haqli emas, davlat ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan xaridlar bundan mustasno.
Angren Shahar Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Raimjonova Nilufar Ikromjon qizi.