Янгиликлар
Yakka tartibdagi tadbirkorlik
Yakka tartibdagi tadbirkorlik
Yakka tartibdagi tadbirkorlik jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmagan holda amalga oshirishdir.
Yakka tartibdagi tadbirkorlik yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan mustaqil, mulk huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulk negizida, shuningdek mol-mulkka egalik qilish va (yoki) undan foydalanishga yo‘l qo‘yadigan o‘zga ashyoviy huquq asosida amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda xodimlarni yollashga haqli.
Hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar tovarlar tayyorlash (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun shogirdlarni ularga tegishlicha haq to‘lagan holda jalb etishga haqlidir.
Yakka tartibdagi tadbirkor o‘z nomidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi, huquq va majburiyatlarni oladi hamda amalga oshiradi. Jismoniy shaxs o‘z tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bitimlar tuzayotganida, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida harakat qilayotganligini, agar bu bitimlarni tuzish vaziyatining o‘zidan aniq anglashilmasa, ko‘rsatishi kerak. Bunday eslatmaning mavjud emasligi yakka tartibdagi tadbirkorni o‘z majburiyatlari bo‘yicha zimmasidagi javobgarlikdan ozod etmaydi.
Yakka tartibdagi tadbirkor o‘z faoliyatini amalga oshirayotganda shaxsiy ish hujjatlari blankalaridan, muhr, shtamplardan foydalanishga haqli, ularning matnlari mazkur shaxs yakka tartibdagi tadbirkor ekanligi haqida dalolat berishi lozim.
Yakka tartibdagi tadbirkorlikni amalga oshirish uchun er-xotindan biri er-xotinning umumiy birgalikdagi mol-mulkidan foydalanadigan hollarda, agar qonunda, nikoh shartnomasida yoxud er-xotin o‘rtasidagi o‘zga kelishuvda boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, erning (xotinning) roziligi talab qilinadi.
Jismoniy shaxslar yuridik shaxs tashkil etmagan holda birgalikdagi tadbirkorlik faoliyatini oilaviy tadbirkorlik, oddiy shirkat va dehqon xo‘jaligi shakllarida amalga oshirishi mumkin.
Jismoniy shaxslar yakka tartibdagi tadbirkorlar sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganidan keyingina birgalikdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tuziladigan oddiy shirkat shartnomasining taraflari bo‘lishi mumkin.
Oilaviy tadbirkorlikning amalga oshirilishi, oddiy shirkat va dehqon xo‘jaligi tuzilishi, faoliyat ko‘rsatishi hamda faoliyatining tugatilishi bilan bog‘liq munosabatlar qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Angren Shahar Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
Bosh yuriskonsulti Raimjonova Nilufar Ikromjon qizi.