Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

03

Kechikayotgan issiqlik ta’minoti: 7 savolga 7 javob


Kechikayotgan issiqlik ta’minoti: 7 savolga 7 javob

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta’minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalari”ga ko‘ra, isitish davri tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati 8°Cdan past bo‘lgan 5 kunlik davr tamom bo‘lgan kundan keyingi kundan boshlanishi, 8°Cdan yuqori bo‘lganda esa tamomlanishi kerak. Ammo mutaxassislar Vazirlar Mahkamasining bundan o‘n yil oldingi qarori bilan belgilangan mazkur qoida bugungi kun standartlariga javob bermasligini va uni qayta ko‘rib chiqish zarurligi haqida fikrlarni bildirishmoqda. Bugun biz kunning eng dolzarb mavzusi bo‘yicha iste’molchilar huquqiga doir bir necha savollarga javob qidiramiz.

1. Issiqlik ta’minoti sohasida kimlar iste’molchi hisoblanadi?

– Iste’molchining kim bo‘lishi, ya’ni fuqaro yoki yuridik shaxs yoxud shartnoma tarafi bo‘lishi kommunal xizmat turlaridan kelib chiqib farqlanadi. Masalan, issiqlik ta’minoti sohasida iste’molchi – ko‘p kvartirali uyda issiqlik ta’minoti shartnomasi bo‘yicha yoki boshqa qonuniy asosda xonadonga mulk egasi huquqidan foydalanuvchi, issiqlik ta’minoti shartnomasi bo‘yicha issiqlik ta’minoti xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs hisoblanadi.

2. Issiqlik ta’minoti xizmati uchun to‘lanadigan haq qanday tartibda aniqlanadi?

– Jismoniy shaxslarga ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlariga tariflar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, ya’ni isitiladigan maydonning bir kvadrat metriga (so‘m/kv.m/oy) hisoblash tartibida aniqlanadi.

3. Ko‘p xonadonli uylarda issiqlik ta’minotidan foydalanuvchi iste’molchining majburiyatlar nimalardan iborat?

– Issiqlik ta’minotidan foydalanuvchi iste’molchining huquqlari bilan bir vaqtda majburiyatlari ham bor. Jumladan, iste’molchi:

kvartira ichidagi asbob-uskunalarning nosozliklari (avariyalar) aniqlanganda ularni bartaraf etish yuzasidan mumkin bo‘lgan barcha choralarni ko‘rish;

isitish va issiq suv ta’minotining uy ichidagi tizimlaridagi avariyalar, shuningdek issiqlik energiyasidan foydalanishda yuzaga keladigan boshqa buzilishlar to‘g‘risida tegishli ravishda Ijro etuvchiga yoki Yetkazib beruvchiga darhol xabar berish;

to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq hajmda to‘lash;

issiqlik energiyasidan foydalanishda texnika xavfsizligi choralariga rioya etish;

yuz bergan o‘zgarishlar (egasi, odamlar soni, maydon o‘zgarishi, turar joy fondidan noturar joy fondiga va noturar joy fondidan turar joy fondiga aylantirish) paytidan (kunidan) boshlab 10 ish kunidan kechikmay issiqlik ta’minoti xizmatlaridan foydalanish shartnomasi shartlari o‘zgarganligi to‘g‘risida Yetkazib beruvchini o‘z vaqtida xabardor qilish kabilarga majbur.

4. Iste’molchi issiqlik ta’minoti bo‘yicha nimalarni qilishi mumkin emas?

– Issiqlik ta’minoti xizmatlarini qabul qilayotgan Iste’molchi uchun quyidagilar taqiqlanadi:

isitish tizimidan issiqlik manbaini chiqarib tashlash;

uy ichidagi issiqlik tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olish yoki hisobga olishning umumiy yoki individual hisobga olish asboblarini chetlab o‘tib ularga ulanish, tegishli o‘zgarishlarni belgilangan tartibda kiritmasdan issiqlik ta’minotining uy ichidagi tizimlariga o‘zgartirishlar kiritish;

turar joy xonasida o‘rnatilgan isitish asboblarining isitish yuzasini xonaning texnik pasportida ko‘rsatilgan parametrlardan ortiq o‘zboshimchalik bilan ko‘paytirish, shuningdek qo‘shimcha tartibga soluvchi va tik quvur armaturasiga o‘rnatish;

ko‘p qavatli uyning isitish va issiq suv ta’minoti tizimidan alohida turar va noturar joylarning isitish asboblarini demontaj qilish orqali isitish tizimidan uzib qo‘yish;

issiqlik energiyasidan uning bevosita vazifasidan boshqa maqsadda foydalanish;

issiqlik ta’minoti shartnomasida belgilangan issiqlik energiyasidan foydalanish tartibini buzuvchi xatti-harakatlarni sodir etish.

5. Issiqlik ta’minotini to‘xtatib qo‘yish mumkinmi? Bu qanday tartibda amalga oshiriladi?

– Qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq Yetkazib beruvchi:

iste’molchi to‘lovni issiqlik ta’minoti shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda issiqlik energiyasi uchun to‘lov hujjati bo‘yicha amalga oshirmagan holatlarda;

iste’molchilarning issiqlik ta’minoti tizimlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olgan holatlarda issiqlik energiyasi berishni to‘liq yoki qisman to‘xtatish chora-tadbirlarini ko‘rish huquqiga ega.

Bunda kamida 2 sutka oldin iste’molchi yozma ravishda ogohlantirilishi kerak. Shuningdek, avariyalarning oldini olish yoki ularni bartaraf etish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar ko‘rish uchun Yetkazib beruvchi iste’molchilarga issiqlik energiyasi yetkazib berishni to‘xtatish huquqiga ega, biroq uzib qo‘yish sabablari to‘g‘risida darhol bildirishnoma yuboradi.

6. Qanday holatlarda Yetkazib beruvchi issiqlik energiyasi ta’minotidagi uzilishlar va sifat bo‘yicha javobgarlikdan ozod hisoblanadi?

– Yetkazib beruvchi iste’molchilar oldida issiqlik energiyasini yetkazib berishdagi tanaffuslar, issiqlik berish parametrlarining pasayishi va issiqlik energiyasini yetkazib bermaslikka sabab bo‘luvchi quyidagi holatlarda:

Yetkazib beruvchining asbob-uskunasi ishdan chiqishiga sabab bo‘lgan tabiiy ofatlar, shuningdek yong‘in va tashqi havoning harorati 30S dan past va ushbu joyda isitishni loyihalashtirish uchun qabul qilingan hisob-kitobdagi harorat 48 soatdan ko‘p davom etadigan uzoq muddatli sovuq tushishi, birlamchi suv sifatining yomonlashishi;

xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining xodimlari va iste’molchilar tomonidan issiqlik ta’minoti rejimi o‘zgarishiga sabab bo‘lgan buzilishlar;

bir necha sutka mobaynida Ijro etuvchi yoki iste’molchilar tomonidan shartnomaviy issiqlik yuklamalari oshirilishiga yoki issiqlik manbai parametrlarining pasayishiga olib kelgan uning uchun belgilangan issiqlik iste’moli rejimlariga rioya qilmaslikka yo‘l qo‘yilishi tufayli issiqlik energiyasi to‘liq berilmasligi uchun Iste’molchilar oldida moddiy javob bermaydi.

7. Xonadonga issiqlik energiyasi yetkazib berilmagan yoki zarur sifatda yetkazib berilmagan holatlar qanday tartibda rasmiylashtiriladi?

– Agar issiqlik energiyasi yetkazib berilmagani yoki zarur sifatga ega bo‘lmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligining sabablari ma’lum bo‘lsa, Yetkazib beruvchi (Ijro etuvchi) bu haqda darhol (iste’molchiga) xabar berishi va buyurtmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish daftarida tegishli yozuvni qayd etishi shart. Ushbu belgi issiqlik energiyasi yetkazib berilmagani yoki zarur sifatga ega bo‘lmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi holati Yetkazib beruvchi (Ijro etuvchi) tomonidan e’tirof etilishi uchun asos hisoblanadi.

Agar issiqlik energiyasi yetkazib berilmagani yoki zarur sifatga ega bo‘lmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilgani sabablari Yetkazib beruvchiga (Ijro etuvchiga) ma’lum bo‘lmasa, Yetkazib beruvchi (Ijro etuvchi) ko‘rsatib o‘tilgan holatlarni aniqlashning va issiqlik energiyasi sifatini tekshirishning aniq vaqti va sanasini iste’molchi bilan kelishishi shart. Tekshirish natijalari bo‘yicha dalolatnoma tuziladi. Dalolatnoma iste’molchi (yoki uning vakili), Yetkazib beruvchi (yoki uning vakili), Ijro etuvchi (yoki uning vakili) tomonidan imzolanadi. Agar ular issiqlik energiyasi sifatiga yoki issiqlik ta’minoti ko‘rsatilishiga nisbatan yagona qarorga kelmasalar, u holda ular tomonidan issiqlik energiyasi sifatini baholashning yangi vaqti va sanasi belgilanadi, unga mahalliy davlat hokimiyati organi, standartlashtirish organlari, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoat tashkilotlari, vakolatli davlat organlari vakillari hamda Yetkazib beruvchi va Ijro etuvchining vakillari taklif etiladi.

Issiqlik energiyasining sifatini takroran baholash natijalari bo‘yicha issiqlik energiyasi yetkazib berilmagani yoki zarur sifatga ega bo‘lmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligi to‘g‘risida dalolatnoma tuziladi. Dalolatnoma Iste’molchi (yoki uning vakili), Yetkazib beruvchi (yoki uning vakili), Ijro etuvchi (yoki uning vakili) tomonidan imzolanadi. Ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar bilan birgalikda dalolatnomani mahalliy davlat hokimiyati organi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari imzolashi mumkin.

Issiqlik energiyasi yetkazib berilmagangi yoki zarur sifatda yetkazib berilmagani to‘g‘risidagi dalolatnomada sifat parametrlari buzilishi, issiqlik energiyasini yetkazib berish to‘xtatilishi boshlanishining yoki zarur sifatga ega bo‘lmagan issiqlik energiyasi yetkazib berilganligining vaqti va sanasi ko‘rsatiladi.

Toshkent tumani

YUXKM boshlig‘i                                                                S.Raxmatov