Янгиликлар
TUHMAT
TUHMAT
Konstitutsiyasining 26-moddasi talabiga koʻra, insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emas.
Keyingi paytlarda haqiqatdan ham inson shaʼni, qadr-qimmatini kamsitish holatlari normal hayot tarzidek qabul qilinadigan, jiddiy ahamiyatga loyiq koʻrilmaslikka qarab ketilayotgandek, nazarimda.
Vaholanki, Konstitutsiyaning yuqorida keltirilgan normasi bilan ushbu masala inson qadrini ifodalashda asosiy mezonlardan biri ekanligi urgʻulangan boʻlib, qonunchilikda bunday qilmishlar uchun tegishli javobgarlik choralari mustahkamlab qoʻyilgan.
Xususan, amaldagi Jinoyat kodeksining 139-moddasi. Tuhmat qilish, yaʼni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, jinoyat deb topiladi.
Tuhmat oʻz mazmuniga koʻra, jabrlanuvchini sharmanda qiladigan, haqiqiy faktlarga asoslanmagan yolgʻon va uydirmadan iborat boʻlishi kerak.
Uydirma - oʻylab toʻqib chiqirilgan, haqiqat boʻlmagan, real voqeʼlikka toʻliq yoki qisman toʻgʻri kelmaydigan yolgʻon maʼlumot.
Haqiqatga toʻgʻri keladigan maʼlumotlar aytilsa yoki tarqatilsa, tuhmat deb baholanmaydi.
Tarqatilayotgan maʼlumot yolgʻonligini oldindan bilganlik tuhmat deb baholash uchun muhim shart. Yaʼni, bu jinoyat faqat va faqat toʻgʻri qasd bilan sodir etiladi.
Shaxsga tuhmat qilishda aybdor boʻlgan shaxsning oʻsha odamni sharmanda qilish uchun yolgʻon va uydirma xabarlar tarqatayotganligini anglashi mazkur jinoyat tarkibi uchun qasdning zaruriy belgisidir. Agar shaxs tarqatilayotgan maʼlumotning yolgʻon va uydirma ekanligini bilmagan boʻlsa, jinoiy javobgarlik kelib chiqmaydi.
Boʻstonliq tumani adliya boʻlimi
YUXKM boshligʻi U.Tulaganov