Янгиликлар
Xodim tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o’tkazish
Xodim tashabbusi bilan vaqtincha boshqa ishga o’tkazish
Mehnat kodeksining 142-moddasida ko‘rsatilgan holatlarda xodim tashabbus ko‘rsatsa, ish beruvchi uni vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishi shart.
Mehnat Kodeksi 142-moddasiga ko‘ra xodimning vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosi, ya’ni uning murojaati ish beruvchi tomonidan quyidagi uzrli sabablarga ko‘ra qanoatlantirilishi lozim:
1. Qaysi tibbiy xulosaga muvofiq xodim sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra vaqtincha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarini istisno etadigan ishga o‘tkazishga muhtoj bo‘lsa, o‘sha tibbiy xulosaning mavjudligi;
2. Qaysi tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayol vaqtincha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’sirini istisno etadigan ishga o‘tkazishga muhtoj bo‘lsa, o‘sha tibbiy xulosaning mavjudligi;
3. Ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan ota-onaning biri (vasiy) tomonidan avvalgi ishini bajarish mumkin emasligi;
4. Uzrli sabablarga ko‘ra xodim iltimos qilgan va bunday ish ish beruvchida mavjud bo‘lgan boshqa hollarda.
Agar xodim vaqtincha o‘tkaziladigan boshqa bo‘sh ish o‘rni bo‘lmasa nima bo‘ladi?
Birinchi holat. Mehnat kodeksining 151-moddasiga asosan “tibbiy xulosaga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra to‘rt oygacha muddatga vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishga muhtoj bo‘lgan xodimni o‘tkazish rad etilganda yoxud ish beruvchida ish mavjud emasligi munosabati bilan bunday xodimga tegishli ishni taklif etish mumkin bo‘lmaganda ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtiradi. Ish beruvchida xodimga taklif etiladigan va uning sog‘lig‘iga to‘g‘ri keladigan bo‘sh ish bo‘lmasa, yoki shunday ish boru, biroq xodim taklif qilingan ishni rad qilsa, u MK 151-moddasiga asosan vaqtincha ishdan chetlashtiriladi. Bu bo‘yicha xodimni vaqtincha ishdan chetlashtirish haqida buyruq chiqariladi va chetlashtirilgan davrga xodimga ish haqi to‘lanmaydi.
Ikkinchi holat. Mehnat kodeksining 394-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra “homilador ayolga yengilroq ish yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta’siridan xoli bo‘lgan ish berish masalasi hal etilguniga qadar, u buning oqibatida qoldirilgan barcha ish kunlari uchun o‘rtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod etilishi lozim”. Demak, homilador ayol xodim tibbiy xulosa taqdim etib, yengilroq yoki qulayroq bo‘lgan ishga vaqtincha o‘tkazishni so‘rasa, biroq ish beruvchi tashkilotda bunday ish joyi yo‘q bo‘lsa, toki shunday ish topilguniga qadar ayol ishdan ozod etiladi va unga bu davrda o‘rtacha ish haqi to‘lanadi.
Uchinchi holat. Mehnat kodeksining 395-moddasi ikkinchi qismida “ish beruvchida boshqa ish mavjud bo‘lmagan taqdirda, ikki yoshga to‘lmagan bola parvarishini amalga oshirayotgan xodimga qonunchilikda belgilangan tartibda bola parvarishi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi” deyilgan. Demak, ikki yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasidan biri (vasiy)ni avvalgi ishini bajarish mumkin emasligi sababli vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish kerak bo‘lsa, biroq tashkilotda bunday ish bo‘lmasa, ish beruvchi bu xodimni ishdan ozod qiladi va unga bola parvarishlash nafaqasi to‘laydi.
To‘rtinchi holat. To‘rtinchi, ya’ni boshqa holatlarda ish beruvchida boshqa bo‘sh ish bo‘lmasa, xodimni vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish amaliyoti shunchaki yuz bermaydi. Chunki, MK 142-moddasida ushbu to‘rtinchi "boshqa holatlar"da vaqtincha o‘tkazish, tashkilotda bo‘sh ish bo‘lgan taqdirda qo‘llanilishi nazarda tutilgan. Boshqa bo‘sh ish o‘rni bo‘lmasa, to‘rtinchi holat amalga oshmaydi.
Ohangaron shahar YXKM rahbari: B.O’smonov