Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

05

Mehnat shartnomasi yoki kelishuvlarida faksimile imzodan foydalansa bo‘ladimi?


Mehnat shartnomasi yoki kelishuvlarida faksimile imzodan foydalansa bo‘ladimi?

Aslida faksimile “haqiqiy ijro” emas, ya’ni u xuddiki “fonogramma” kabi. Faksimile shaxsning o‘z qo‘li bilan bajargan haqiqiy imzosini to‘liq tasvirlaydigan va keyinchalik imzo o‘rniga undan foydalanish mumkin bo‘lgan shtampdir. Ya’ni, imzoning to‘liq tasvirini o‘zida mujassam qilgan shtamp.

Mehnat kodeksining 106-moddasida “mehnat shartnomasining har bir nusxasi xodimning va ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning imzolari bilan mustahkamlanadi. Ish beruvchida muhr mavjud bo‘lgan taqdirda mansabdor shaxsning mehnat shartnomasining barcha nusxalaridagi imzosi muhr bilan tasdiqlanadi” deyilgan.

Ya’ni, mehnat shartnomasini bir tomondan xodim imzolasa, ikkinchi tomondan tashkilot nomidan mansabdor shaxs imzolashi kerak. Albatta, bu qoida mehnat shartnomasini o‘zgartirish, unga qo‘shimcha kiritish yoki bekor qilishga doir qo‘shimcha kelishuvlarga ham tegishli.

Mehnat kodeksining bu moddasida ham, boshqa moddalarida ham mehnat shartnomasi yoki kelishuvlariga faksimile imzo qo‘yish mumkin-mumkin emasligiga doir aniq normalar yo‘q.

Shu yerda Fuqarolik kodeksining 107-moddasida “agar qonunchilikka yoki ishtirokchilardan birining talablariga zid bo‘lmasa, bitim tuzish chog‘ida imzodan faksimile usulida nusxa ko‘chirish vositalaridan foydalanilishiga yo‘l qo‘yiladi” degan qoidaga e’tibor beramiz.

Ya’ni, bitimlarga faksimal tartibda imzo qo‘yilishiga yo‘l qo‘yiladi, faqat buning uchun qonunchilikda cheklovlar bo‘lmasligi yoki shartnomaning narigi tomoni bunga qarshi bo‘lmasligi kerak.

Xo‘sh, mehnat shartnomasi yoki mehnat kelishuvlariga Fuqarolik kodeksining yuqoridagi normasi qo‘llaniladimi?

Fuqarolik kodeksining 2-moddasi beshinchi qismi talablariga asosan mehnat shartnomasi yoki kelishuvlarini imzolashga doir munosabatlarga ham fuqarolik qonunchiligi, aniqrog‘i, FKning 107-moddasidagi norma qo‘llaniladi. Chunki, mehnat qonunchiligida mehnatga doir kelishuvlarni imzolashda faksimal imzolardan foydalanish masalasi tartibga solinmagan.

Demak, agar xodim tomoni qarshi bo‘lmasa, tashkilot rahbari mehnat shartnomasi va mehnat kelishuvlariga faksimile imzo qo‘yishi mumkin. Biroq, unutmaslik kerakki, tashkilotda muhr bo‘lganda (MK 106-modda) ish beruvchining ushbu faksimile imzosi muhr bilan tasdiqlanishi shart.

Agar tashkilot rahbarlari mehnat shartnomalari va kelishuvlarida faksimile imzodan foydalanmoqchi bo‘lsa, buni biror-bir ichki hujjat, masalan, buyruq bilan belgilab qo‘yganlari ma’qul. Ma’lumot uchun, ish beruvchining buyrug‘i ham MK 12-moddasiga asosan mehnatga doir huquqiy hujjat sanaladi.

 

Ohangaron shahar YXKM rahbari:                                  B.O’smonov