Янгиликлар
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga umumiy tartibda qabul qilish qanday tartibda belgilanadi?
Savol:
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga umumiy tartibda qabul qilish qanday tartibda belgilanadi?
Javob:
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisidagi 13.03.2020-yildagi OʻRQ-610-sonli Qonunining 19-moddasida Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga umumiy tartibda qabul qilish tartibi belgilangan. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning umumiy tartibi chet davlat fuqarosiga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:
a) chet davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirgan boʻlsa;
b) fuqaroligi boʻlmagan shaxsga yashash guvohnomasi olingan kundan eʻtiboran va Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududida uzluksiz besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan boʻlsa;
v) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega boʻlsa;
g) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini oʻz zimmasiga olsa;
d) davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa. Davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ushbu modda birinchi qismining “b” bandida nazarda tutilgan shart Oʻzbekiston Respublikasida tugʻilgan va yashab kelayotgan yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi bilan nikohda boʻlgan va nikoh tuzilganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi hududida turmush oʻrtogʻi bilan birgalikda uzluksiz uch yil davomida yashab kelayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxsga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Bunda, agar fuqaroligi boʻlmagan shaxs bir yil ichida Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga jami bir yuz sakson uch kundan ortiq boʻlmagan muddatga chiqqan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashalgan muddat uzluksiz deb hisoblanadi.
Chirchiq shahah adliya boʻlimi
YXKM bosh yuriskonsulti T.T.Bektoshev