Янгиликлар
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilish qanday tartibda belgilanadi?
Savol:
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilish qanday tartibda belgilanadi?
Javob:
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisidagi 13.03.2020-yildagi OʻRQ-610-sonli Qonunining 20-moddasida Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga soddalashtirilgan tartibda qabul qilish tartibi belgilangan. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi chet davlat fuqarosi boʻlgan yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs hisoblangan vatandoshga nisbatan quyidagi hollarda amalga oshiriladi, agar u:
a) Oʻzbekiston Respublikasi hududida yashaydigan va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan, nasl-nasab shajarasi boʻyicha toʻgʻri tutashgan loaqal bitta oʻzidan oldingi qarindoshga ega boʻlsa;
b) tirikchilikning qonuniy manbaiga ega boʻlsa;
v) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga rioya etish majburiyatini oʻz zimmasiga olsa;
g) davlat tilini qonunchilikda belgilangan tartibda muloqot qilish uchun zarur darajada bilsa.
Ushbu modda birinchi qismining “a” bandida nazarda tutilgan shart ilm-fan va ilmiy faoliyat, texnika, madaniyat hamda sport sohasida katta yutuqlarga ega boʻlgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi uchun manfaatli kasbga yoxud malakaga ega boʻlgan vatandoshga va (yoki) uning oila aʻzolariga nisbatan hisobga olinmasligi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasi materiallarni koʻrib chiqadi va Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligini ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan shaxslarga berish maqsadga muvofiqliligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi.
Qabul qilingan qaror asosida shaxsga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini berish toʻgʻrisida kafolat xati beriladi, agar ushbu shaxs fuqarosi boʻlgan davlat fuqaroligidan chiqadigan boʻlsa.
Kafolat xatining amal qilish muddati bir yil. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari komissiyasining qaroriga binoan kafolat xatining amal qilish muddati yana bir yilga uzaytirilishi mumkin.
Kafolat xati ichki ishlar organi yoki konsullik muassasasi tomonidan ariza beruvchiga yoki uning qonuniy vakiliga topshiriladi yoxud pochta orqali yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq ariza beruvchi chet davlat fuqaroligidan chiqqanligi haqida hujjat taqdim etganidan keyin amalga oshiriladi.
Chirchiq shahah adliya boʻlimi
YXKM bosh yuriskonsulti T.T.Bektoshev