Янгиликлар
Masʻuliyati cheklangan jamiyat va Qoʻshimcha masʻuliyatli jamiyat haqida tushuntirish bersangiz.
Savol:
Masʻuliyati cheklangan jamiyat va Qoʻshimcha masʻuliyatli jamiyat haqida tushuntirish bersangiz.
Javob:
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksining 62-moddasida Masʻuliyati cheklangan jamiyat tushunchasi belgilab qoʻyilgan. Unga koʻra, Masʻuliyati cheklangan jamiyat deb bir yoki bir necha shaxs tomonidan taʻsis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) taʻsis hujjatlari bilan belgilab qoʻyilgan miqdorlardagi ulushlarga boʻlingan jamiyat tan olinadi. Masʻuliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari boʻyicha javobgar boʻlmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bogʻliq zarar uchun oʻzlari qoʻshgan hissalar qiymati doirasida javobgar boʻladilar.
Jamiyatning oʻz hissasini toʻla qoʻshmagan ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari boʻyicha har bir ishtirokchi hissasining toʻlanmagan qismining qiymati doirasida solidar javobgar boʻladilar.
Masʻuliyati cheklangan jamiyatning firma nomi jamiyatning nomini, shuningdek “masʻuliyati cheklangan” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak.
Ushbu Kodeksning 63-moddasida Qoʻshimcha masʻuliyatli jamiyat tushunchasi belgilab qoʻyilgan. Unga koʻra, bir yoki bir necha shaxs tomonidan taʻsis etilgan, ustav fondi taʻsis hujjatlarida belgilangan miqdorlardagi ulushlarga boʻlingan jamiyat qoʻshimcha masʻuliyatli jamiyat hisoblanadi. Bunday jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari boʻyicha oʻz mol-mulklari bilan qoʻshgan hissalari qiymatiga nisbatan hamma uchun bir xil boʻlgan, jamiyatning taʻsis hujjatlarida belgilanadigan karrali miqdorda solidar tarzda subsidiar javobgar boʻladilar. Ishtirokchilardan biri toʻlovga qobiliyatsiz boʻlib qolganida uning jamiyat majburiyatlari boʻyicha javobgarligi, agar jamiyatning taʻsis hujjatlarida javobgarlikni taqsimlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan boʻlmasa, boshqa ishtirokchilar oʻrtasida ularning qoʻshgan hissalariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Qoʻshimcha masʻuliyatli jamiyatning firma nomi jamiyatning nomini, shuningdek “qoʻshimcha masʻuliyatli” degan soʻzlarni oʻz ichiga olishi kerak.
Chirchiq shahah adliya boʻlimi
YXKM bosh yuriskonsulti T.T.Bektoshev