Янгиликлар
Korrupsiya va huquqbuzarliklar profilaktikasi.
Korrupsiya va huquqbuzarliklar profilaktikasi.
Korrupsiya demokratiya va qonun ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi hamda inson huquqlarining buzilishiga olib keladi. Islohotlarga toʻsqinlik qilib, jamiyat taraqqiyotini ortga suradi. Xalqning adolatga boʻlgan ishonchini susaytiradi.
Korrupsiya millat, davlat va hudud tanlamaydi, shu sababli ushbu illatga qarshi jahon miqyosida qarshi kurash olib boriladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq, 2004-yildan boshlab “9-dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida nishonlanib kelinmoqda. Bugungi kunda korrupsiya xavfining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, korrupsiyaning oldini olish bilan bogʻliq qonunchilik bazasini mustahkamlashga qaratilgan Byudjet kodeksi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”, “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”, “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”, “Elektron hukumat toʻgʻrisida” va “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida 2017-yil yanvarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi esa davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kuch va imkoniyatlarini birlashtirib, yaxlit tizimni yaratish imkonini berdi.
Bu albatta, soʻnggi yillarda ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish va qatʻiy kurash olib borish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylanganidan dalolatdir. Chunonchi, Davlatimiz rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutahassislar jalb qilingan, jamiyatimizning barcha aʻzolarini “halollik vaksinasi” bilan emlagan holda korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga qaratilgan tashabbusni ilgari surdi. 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni bilan jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatini shakllantirish, uni muvaffaqiyatli amalga oshirish hamda samaradorligini takomillashtirish maqsadida maxsus vakolatli davlat organi – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat va jamiyat faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish standartlari va mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, jamiyatda korrupsiyaning barcha koʻrinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish agentlik missiyasi sifatida belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi PF-6257-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan Davlat dasturi”da korrupsiya davlat va jamiyat taraqqiyoti uchun eng jiddiy xavf-xatarlardan biri ekanligini aholi va davlat xizmatchilari ongiga singdirish alohida vazifa sifatida belgilangan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5177-sonli qaroriga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi va Bosh prokuratura Akademiyasiga 2022-yil 1-yanvardan boshlab “halollik vaksinasi” tamoyili asosida davlat xizmatchilarini muntazam ravishda korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar toʻqnashuvi va odob-axloq qoidalari boʻyicha maxsus oʻquv kurslarida oʻqitish tizimini joriy etish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, maxsus elektron oʻquv platformasi ishga tushirilib, u orqali davlat xizmatchilarini masofadan turib oʻqitish hamda xususiy sektor vakillari va aholining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi bilimlarini oshirish amaliyotining yoʻlga qoʻyilishi nazarda tutildi. Xorijiy amaliyot tahlili shuni koʻrsatdiki, bozor iqtisodiyoti qonunlarga asoslangan mamlakatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat va xususiy sektor ishtirokchilarining xalqaro standartlar, qonun hujjatlari va boshqa zamonaviy usullarga muvofiq samarali faoliyat yuritishini taʻminlovchi muhim vositalardan biri oʻz tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komplaens nazorat (compliance control) tizimini tashkil etish hisoblanadi. Korrupsiyaga qarshi komplaens nazorati – davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, xoʻjalik yurituvchi subʻektlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa meʻyoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar toʻqnashuvini oʻz vaqtida aniqlash va chek qoʻyish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni oʻzida mujassam etgan profilaktik tizimdir.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-mayda qabul qilingan “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonunida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda muassasalar tizimi (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy davlat hokimiyati, ichki ishlar, prokuratura, davlat xavfsizlik xizmati, Prezident davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, adliya, davlat bojxona xizmati, davlat soliq xizmati, mehnat, taʻlimni davlat tomonidan boshqarish organlari va taʻlim muassasalari, davlat sogʻliqni saqlash tizimini boshqarish hamda sogʻliqni saqlash muassasalari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiyalar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar) va ularning vakolatlari belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 15-avgustdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi 371-sonli Qonunining maqsadi mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan boʻlib, kelgusida yuzaga kelayotgan huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan. Mazkur Qonunga koʻra, huquqbuzarliklar profilaktikasi deganda huquq-tartibotni saqlash hamda mustahkamlash, huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga barham berish, shuningdek, huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish maqsadida qoʻllaniladigan huquqbuzarliklar umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasining huquqiy, ijtimoiy, tashkiliy va boshqa chora-tadbirlari tizimi tushuniladi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasining asosiy prinsiplari sifatida qonuniylik, insonparvarlik, tizimlilik, ishontirish usulining ustuvorligi, taʻsir koʻrsatish chora-tadbirlarini farqlash va yakka tartibdagi yondashish belgilangan.
Chirchiq shahar adliya boʻlimi
YXKM bosh yuriskonsulti Aqnazarov Ravshan