Янгиликлар
DAVLAT RAMZLARINI HURMAT QILISHGA MAJBURMIZ
DAVLAT RAMZLARINI HURMAT QILISHGA MAJBURMIZ
Maʻlumki, davlat ramzlari, yaʻni davlat bayrogʻi, gerbi va madhiyasi har bir mamlakatning xalqaro munosabatlardagi milliy timsoli va ramzi sifatida muhim siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlib, ushbu ramzlarsiz davlatning siyosiy mustaqilligini va uning xalqaro munosabatlarda tutgan oʻrni va rolini tasavvur etib boʻlmaydi. Shunga koʻra, mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk kunlardanoq davlatimiz va hukumatimiz tomonidan milliy davlat ramzlarini ishlab chiqish va uning huquqiy asoslarini qonun yoʻli bilan mustahkamlashga jiddiy eʻtibor qaratildi.
Natijada, 1991-yil 18-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi, 1992-yil 2-iyulda esa “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi hamda 1992-yil 10-dekabrda “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi Qonunlar bilan milliy davlat ramzlarimiz, yaʻni Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi, gerbi va madhiyasi qabul qilinib, tasdiqlandi. Oʻtgan yillar davomida milliy davlat ramzlarimiz mamlakatimizning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy yuksalishida hamda xalqaro munosabatlarda oʻz oʻrni va mavqeiga ega boʻldi.
Soʻnggi yillarda davlat ramzlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar esa bu boradagi huquqiy munosabatlarni yanada takomillashtirish barobarida fuqarolar va mansabdor shaxslarning davlat ramzlariga nisbatan boʻlgan hurmati va ishonchini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, 2010-yil 24-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat ramzlari toʻgʻrisidagi ayrim qonun hujjatlariga va Oʻzbekiston Respublikasining Maʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan davlat ramzlari toʻgʻrisidagi qonunlarga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, bu boradagi qonun hujjatlari yanada takomillashtirildi. Xususan, Ushbu qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri joylashtirilishi majburiy boʻlgan davlat organlari, muassasalari va tashkilotlari roʻyxati qatʻiy qilib belgilandi. Shuningdek, Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻining elementlarini nodavlat tashkilotlari hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallariga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmasligi haqidagi hamda davlat bayrogʻi tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlar, xizmatlar) oʻtkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emasligi haqidagi talablar ham qatʻiy qilib belgilandi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkitnki, davlat boshqaruvi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat va nazorat qiluvchi organlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining davlat bayrogʻi hamda gerbidan foydalanish, davlat ramzlarini tegishli joylarda oʻrnatish, saqlash, shuningdek, ularni idoralarning rasmiy blankalari va gerbli muhrlarida joylashtirishda qonunbuzilishlarning oldini olish juda muhimdir. Umuman olganda, nafaqat mansabdor shaxslar yoki jamoat joylarida faoliyat yuritayotgan shaxslar, balki shu yurt fuqarosi sifatida har birimiz davlat ramzlarini hurmat kilishga haqlimiz. Zero, biz va siz umrguzaronlik qilayotgan shiddatli zamonda davlatimizning siyosiy mustaqilligi va uning xalqaro munosabatlarda tutgan oʻrni va rolini oshirishning eng muhim omillaridan biri biz-fuqarolarning
ona – Vatan oldidagi burchimizni vijdonan bajarishga chamcharchas bogʻliqligini hayotimizning oʻzi koʻrsatib turibdi.
Chirchiq shahar adliya boʻlimi
YXKM bosh yuriskonsulti Aqnazarov Ravshan