Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

06

Gender tengligi nima?


Gender tengligi nima?

 

Maʻlumki, Oʻzbekiston Respublikasida 02.09.2019-yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari tugʻrisida”gi OʻRQ-562-son Qonuni qabul qilindi. “Gender” tushunchasining lugʻaviy maʻnosi lotincha “genus”, yaʻni “jins” maʻnosini anglatadi. Agarda, biologik jins insonlarni ayol va erkaklarga ajratadigan boʻlsa, gender – bu ayol va erkaklarning jamiyatdagi oʻrnini ajratishga qaratilgan. Jamiyatda ayol va erkaklarning oʻz oʻrnini topishi va belgilashi uchun davlat ularga bir xil sharoit va imkoniyat yaratib berishi gender tenglikni taʻminlashda asos boʻlib xizmat qiladi.

Mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlarni taʻminlashga qaratilgan ushbu oliy yuridik kuchga ega qonun hujjatida qonun va huquq ijodkorligi sohasida yangi yoʻnalish – gender-huquqiy ekspertizasi joriy etildi.
Xususan, gender-huquqiy espertizasi normativ-huquqiy hujjatlar va uning loyihalarini xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʻminlash printsiplariga muvofiqligi yuzasidan tahlil qilish hisoblanadi.
Xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlar kafolatlarini taʻminlashning asosiy printsiplari sifatida mazkur qonunning 4-moddasiga muvofiq qonuniylik, demokratizm, xotin-qizlar va erkaklarga teng huquqlik, jins boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, ochiqlik va shaffoflik kabi printsiplar belgilandi.
Gender-huquqiy espertizani oʻtkazish vakolatlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlarga yuklatildi. Ularning har biri oʻz faoliyati yoʻnalishidan kelib chiqib normativ-huquqiy hujjatlar va uning loyihalarini tahlil qiladi hamda gender-huquqiy espertiza xulosasini qabul qiladi. Qonunda normativ-huquqiy hujjatlar va uning loyihalarini tahlil qilishning muhim jihatlari belgilangan. Jumladan, jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitish imkoniyati yaratilgan normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasi xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlarni taʻminlash printsiplariga muvofiq emasligi aniqlanadi. Qayd etish kerakki, qonun yurtimizda gender tenglikni taʻminlashga qaratilgan yaxlit va asosiy normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. Shuningdek, unda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʻminlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, ushbu sohada davlat boshqaruvi mexanizmlari kabi masalalar ham belgilandi.

Xususan, xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi gender tengligini taʻminlash masalalari boʻyicha komissiya tashkil etilgan. Uning asosiy vazifasi –xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʻminlash sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish. Ushbu sohadagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi. Amalga oshirilgan ishlar boʻyicha har yili Oliy Majlisga axborot taqdim etadi. Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʻminlash va bu borada xalqaro standartlarga rioya etish sohasida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning tegishli organlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi. Qonunning eʻtiborga molik jihati shundaki, unda insonlarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini taʻminlashda gender tenglikni saqlashga oid normalar mavjud. Xususan, davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarini taʻminlash, masalan, davlat xizmatida xizmatchilarning lavozim toifalarini hisobga olgan holda bir jinsdagi xodimlarning lavozimlarni egallashi uchun kvotalash tizimini belgilashni nazarda tutuvchi gender siyosati amalga oshirilishini taʻminlashga doir vaqtinchalik maxsus choralarni qoʻllashga ruxsat berilishi, davlat organlari rahbarlari lavozimlariga kadrlar zaxirasini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqligiga rioya etilishi zarurligi kabi talablar belgilandi.
Bundan tashqari, siyosiy partiyalar tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga nomzodlar qoʻrsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar taʻminlanishi nazarda tutildi. Zero, Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga muvofiq ayollarning soni siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida oʻttiz foizini tashkil etishi kerakligi belgilangan. Ushbu norma xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq va imkoniyatlar kafolatlarini taʻminlashning asosiy printsiplariga toʻliq mos keladi. Qonun bilan iqtisodiy sohada xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari ham belgilangan boʻlib, unga koʻra, davlat organlari va mulk shaklidan qatʻi nazar, tashkilot rahbarlari jamiyatning resurslaridan teng foydalanishini taʻminlashi shart. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda teng huquq va imkoniyatlarni taʻminlaydi.
Darvoqe, qonuniy huquq va erkinliklardan foydalanishda jins boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻymaslik ayrim ijtimoiy munosabatlarga tatbiq etilmaydi. Chunonchi, bola tugʻish va ona suti bilan oziqlantirish, muddatli harbiy xizmatga chaqirish, gender siyosati amalga oshirilishini taʻminlashga doir vaqtinchalik maxsus choralar, xotin-qizlar va erkaklarning mehnatini muhofaza qilishda reproduktiv salomatlikni saqlash xususiyatlari, kasbiy malakaga doir tavsiyalar berish, qamoqda saqlash, jazoni ijro etish joylarida saqlash tartibi va shartlari hamda huquqiy jihatdan taʻsir koʻrsatishning boshqa choralarini tartibga solishda farqlarni belgilash jins boʻyicha kamsitish hisoblanmaydi. Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, bugungi kunda gender tenglikni taʻminlash masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bu mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi ilgʻor qadamlaridan biri sanaladi. Yangi qonun buning yaqqol dalili boʻlib, kelgusida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʻminlashga hissa qoʻshadigan tarixiy hujjat boʻldi.

 

Chirchiq shahar adliya boʻlimi

YXKM bosh yuriskonsulti                                                       Aqnazarov Ravshan