Янгиликлар
Sudga qanday shaklda murojaat qilinadi
Sudga qanday shaklda murojaat qilinadi
Barcha fuqarolar, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar buzilgan huquqlari yuzasidan sudga ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qilinadi.
Sudlarga ikki xil toifadagi murojaatlar qilish mumkin:
- Birinchisi, bu oddiy xat tarzidagi (muayyan ish bilan bogʻliq boʻlmagan) murojaatlar, yaʻni ariza, taklif, shikoyatlar;
- Ikkinchisi, muayyan nizo yoki ish bilan bogʻliq boʻlgan murojaatlar, yaʻni ariza, daʻvo arizasi, iltimosnoma, shikoyatlar.
Birinchi toifadagi murojaatlar Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan tartibda, yaʻni sudga kelib tushgan kundan eʻtiboran 15 kun ichida, qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda esa, 1 oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqilishi lozim. Agar ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish muddati uzaytirilganda bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi. Ikkinchi toifadagi murojaatlar tegishlicha fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarda Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksida, jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda Jinoyat-protsessual kodeksida, maʻmuriy sudlarda Maʻmuriy sud ishlarini yuritish kodeksida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Daʻvo arizasida quyidagilar koʻrsatilishi kerak
- ariza berilayotgan sudning nomi;
- daʻvogarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, agar daʻvogar tashkilot boʻlsa, uning nomi, joylashgan eri (pochta manzili) hamda rekvizitlari, shuningdek, agar ariza vakil tomonidan berilayotgan boʻlsa, vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi va manzili;
- javobgarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, agar javobgar tashkilot boʻlsa, uning nomi, joylashgan eri (pochta manzili) hamda rekvizitlari;
- daʻvogarning talabi;
- agar daʻvo baholanishi kerak boʻlsa, daʻvoning bahosi;
- daʻvogar oʻz talabiga asos qilib koʻrsatayotgan holatlar va daʻvogar tomonidan bayon qilingan holatlarni tasdiqlovchi dalillar;
- javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etilganligi toʻgʻrisidagi maʻlumotlar, basharti bu qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa;
- arizaga ilova qilinayotgan hujjatlarning ruyxati.
Daʻvo arizasiga quyidagi tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi
- arz qilinayotgan talablarga asos boʻlgan holatlarni;
- javobgar bilan nizoni sudgacha hal qilish tartibiga rioya etilganligini, basharti bu qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boʻlsa;
- davlat boji va pochta xarajatlari belgilangan tartibda va miqdorda toʻlanganligini;
- arizani imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjatni, agar ariza vakil tomonidan imzolangan boʻlsa.
Ariza - buyruq tartibida ish yuritish boʻyicha, alohida tartibda yuritiladigan ishlar boʻyicha, shuningdek, maʻmuriy ishlar boʻyicha beriladi.
Daʻvo ariza shakliga qoʻyilgan talablar ariza shakliga ham tatbiq etiladi.
Shikoyat - sud hujjatlari ustidan norozi boʻlib apellyatsiya , kassatsiya shikoyatlari shaklida beriladi.
Chirchiq shahar adliya boʻlimi
YXKM bosh yuriskonsulti Aqnazarov Ravshan