Янгиликлар
Renta shartnomasi va uni xususiyatlari qanday?
Renta shartnomasi va uni xususiyatlari qanday?
Renta shartnomasiga muvofiq bir taraf (renta oluvchi) koʻchmas yoki koʻchar mol-mulkni boshqa tarafga (renta toʻlovchiga) mulk qilib beradi, renta toʻlovchi esa olingan mol-mulk oʻrniga renta oluvchiga vaqti-vaqti bilan belgilangan pul summasi yoki uni taʻminlash uchun boshqa shaklda mablagʻ berish tarzida renta toʻlash majburiyatini oladi. Renta shartnomasiga muvofiq rentani muddatsiz (doimiy renta) yoki renta oluvchi hayot boʻlgan muddat mobaynida toʻlash (umrbod renta) majburiyatini belgilashga yoʻl qoʻyiladi. Umrbod renta fuqaroni oʻz qaramogʻiga olgan holda umrbod taʻminlash sharti bilan belgilanishi mumkin. Renta shartnomasi notarial tasdiqlanishi, koʻchmas mol-mulkni renta toʻlash sharti bilan boshqa shaxsga berishni nazarda tutadigan shartnoma esa bundan tashqari davlat roʻyxatidan ham oʻtkazilishi lozim. Renta toʻlash sharti bilan boshqa shaxsga beriladigan mol-mulk renta oluvchi tomonidan renta toʻlovchiga haq evaziga yoki tekinga mulk qilib berilishi mumkin. Renta shartnomasida mol-mulkni haq evaziga topshirish nazarda tutilgan taqdirda taraflarning mol-mulkni topshirish va uning haqini toʻlash boʻyicha munosabatlariga nisbatan oldi-sotdi shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar, bunday mol-mulk tekinga berilgan hollarda esa hadya shartnomasi toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllaniladi, basharti ushbu bobning qoidalarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa va bu hol renta shartnomasining mohiyatiga zid kelmasa.
Renta toʻlash sharti bilan berilgan yer uchastkasi, korxona, bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mol-mulkdan renta olinadi. Renta toʻlovchi bunday mol-mulkni boshqa shaxsga bergan taqdirda renta shartnomasi boʻyicha uning majburiyatlari mol-mulkni oluvchiga oʻtadi. Renta olinadigan koʻchmas mulkni boshqa shaxsga mulk qilib bergan shaxs, agar Fuqarolik Kodeksda, boshqa qonunda yoki shartnomada bu majburiyat boʻyicha solidar javobgarlik nazarda tutilmagan boʻlsa, renta oluvchining renta shartnomasi buzilgani tufayli kelib chiqqan talablari boʻyicha boshqa shaxs bilan subsidiar javobgar boʻladi. Renta toʻlash sharti bilan yer uchastkasi yoki boshqa koʻchmas mulk berilganida renta oluvchi renta toʻlovchi oʻz majburiyatlarini bajarishini taʻminlash maqsadida bu mulkka garov huquqini oladi.Renta sifatida pul summasi yoki boshqa koʻchar mol-mulkni berishni nazarda tutadigan shartnomaning muhim sharti shuki, unda renta toʻlovchi oʻz majburiyatlarini bajarishning garovini taqdim etishga yoki ushbu majburiyatlarni bajarmaslik yoxud lozim darajada bajarmaslik xavfini renta oluvchi foydasiga sugʻurtalashga majbur boʻladi.
Chirchiq shahar adliya boʻlimi
YXKM bosh yuriskonsulti Aqnazarov Ravshan