Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

06

Binolar va inshootlar ijarasi tartibi


Binolar va inshootlar ijarasi tartibi

Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga bino yoki inshootni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoxud vaqtincha foydalanish uchun topshirish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi. Agar ushbu Kodeksning korxonani ijaraga berish toʻgʻrisidagi qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu paragrafning qoidalari korxonalar ijarasiga tatbiq etiladi. Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi taraflar imzolaydigan bitta hujjat tarzida yozma shaklda tuziladi. Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasining shakliga rioya etmaslik uning haqiqiy boʻlmasligiga olib keladi. Fuqarolar oʻrtasida tuzilgan bino yoki inshootni yoxud uning bir qismini ijaraga berish shartnomasi davlat soliq organlarida hisobga qoʻyilishi lozim. Bir yildan kam boʻlmagan muddatga tuzilgan bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim va roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi. Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi boʻyicha ijaraga oluvchiga bunday koʻchmas mulkka egalik qilish va undan foydalanish huquqlarini topshirish bilan bir vaqtda yer uchastkasining ana shu koʻchmas mulk joylashgan va undan foydalanish uchun zarur qismiga boʻlgan huquqlar ham topshiriladi.

Ijaraga beruvchi ijaraga berilayotgan bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasining mulkdori boʻlsa, ijaraga oluvchiga yer uchastkasining tegishli qismiga boʻlgan ijara huquqi yoxud bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquq topshiriladi. Agar ijaraga oluvchiga topshiriladigan tegishli yer uchastkasiga boʻlgan huquq shartnomada belgilab qoʻyilgan boʻlmasa, yer uchastkasining bino yoki inshoot joylashgan va ulardan oʻz vazifasiga muvofiq foydalanish uchun zarur boʻlgan qismidan foydalanish huquqi bino yoki inshoot ijaraga berilgan muddatga ijaraga oluvchiga oʻtadi. Ijaraga beruvchiga mulk huquqi asosida qarashli boʻlmagan yer uchastkasida joylashgan bino yoki inshootni ijaraga berishga, agar bunday uchastkadan foydalanishning qonunda yoki yer uchastkasining mulkdori bilan tuzilgan shartnomada belgilangan shartlariga zid boʻlmasa, ushbu uchastka mulkdorining roziligisiz yoʻl qoʻyiladi. Ijaraga olingan bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasi boshqa shaxsga sotilgan hollarda yer uchastkasining bino yoki inshoot joylashgan va undan foydalanish uchun zarur boʻlgan qismidan foydalanish huquqi ushbu yer uchastkasi sotilguniga qadar amalda boʻlgan shartlar bilan ana shu bino yoki inshootni ijaraga oluvchi shaxsda saqlanib qoladi.

 

Chirchiq shahar adliya boʻlimi

YXKM bosh yuriskonsulti                                                     Aqnazarov Ravshan