Янгиликлар
Lizing nima?
Lizing nima?
Lizing shartnomasi boʻyicha lizing beruvchi (ijaraga beruvchi) bir taraf lizing oluvchi (ijaraga oluvchi) ikkinchi tarafning topshirigʻiga binoan sotuvchi uchinchi taraf bilan undan lizing oluvchi uchun mol-mulk sotib olish haqida kelishish majburiyatini oladi, lizing oluvchi esa buning uchun lizing beruvchiga lizing toʻlovlarini toʻlash majburiyatini oladi. Isteʻmol qilinmaydigan, tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan har qanday ashyolar lizing obyekti boʻlishi mumkin, yer uchastkalari va boshqa tabiat obyektlari bundan mustasno. Kelajakda lizing oluvchiga lizing boʻyicha topshirish maqsadida mol-mulkni oʻziga mulk qilib oluvchi shaxs lizing beruvchi deb tan olinadi. Egalik qilish va foydalanish uchun lizing obyektini oladigan shaxs lizing oluvchi deb hisoblanadi. Lizing beruvchi lizing obyektini kimdan olayotgan boʻlsa, shu shaxs sotuvchi deb eʻtirof etiladi.
Lizing beruvchi mol-mulkni boʻlajak foydalanuvchidan sotib olgan taqdirda yoxud lizing beruvchi kelajakda mol-mulkni sotuvchiga lizing boʻyicha topshirish uchun undan shu mol-mulkni sotib olish maqsadida uni mablagʻ bilan taʻminlagan taqdirda bir shaxsning oʻzi ham lizing oluvchi, ham sotuvchi boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi. Lizing toʻlovi lizing beruvchiga lizing obyekti qiymatining lizing oluvchi tomonidan qoplanishidan, shuningdek lizing beruvchining foizli daromadidan iborat boʻladi. Lizing beruvchi lizing oluvchi uchun mol-mulk sotib olayotganda mol-mulk muayyan shaxsga lizingga berishga moʻljallanganligini sotuvchiga bildirishi shart. Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu shartnoma obyekti boʻlgan mol-mulk sotuvchi tomonidan bevosita lizing oluvchiga u turgan joyda topshiriladi. Agar lizing shartnomasining narsasi boʻlgan mol-mulk shu shartnomada koʻrsatilgan muddatda, basharti shartnomada bunday muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, oqilona muddatda lizing oluvchiga topshirilmagan boʻlsa, lizing beruvchi javobgar boʻladigan holatlar tufayli muddat oʻtkazib yuborilgan taqdirda, lizing oluvchi shartnomani bekor qilishni va zararning qoplanishini talab qilishga haqli. Lizing boʻyicha ijaraga olingan mol-mulkning tasodifan nobud boʻlishi yoki tasodifan buzilishi xavfi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing oluvchiga bu mol-mulkni topshirish paytida oʻtadi. Lizing beruvchi lizing obyektini lizing oluvchiga shartnoma shartlariga javob beradigan holatda va unda kelishilgan muddatda topshirishi shart.
Agar lizing beruvchining aybli harakatlari yoki yoʻl qoʻygan kamchiliklari tufayli mol-mulk yetkazib berilmagan, toʻliq yetkazib berilmagan, muddati kechiktirib yetkazib berilgan yoki tegishli darajada sifatli boʻlmagan mol-mulk yetkazib berilgan boʻlsa, buning uchun u lizing oluvchi oldida javobgardir. Mol-mulk yetkazib berilmagan, toʻliq yetkazib berilmagan, muddati kechiktirib yetkazib berilgan yoki uning sifati tegishli darajada boʻlmagan taqdirda, lizing oluvchi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa:
lizing toʻlovlarini toʻxtatib turish;
yetkazib berilayotgan mol-mulkni rad etish va lizing shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli. Lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda lizing oluvchi ilgari boʻnak sifatida toʻlagan pullarini, lizing obyektidan foydalanishdan olgan foydaning qiymatini chegirib tashlab, oʻziga qaytarib berishni talab qilishga haqli. Lizing shartnomasida nazarda tutilgan taqdirda, lizing oluvchi boshqa majburiyatlarning bajarilishi taʻminoti sifatida lizing obyektini mazkur obyekt qiymatining lizing beruvchiga toʻlanishi lozim boʻlgan lizing toʻlovlarining qolgan summasidan ortiq boʻlgan qismi boʻyicha berishi mumkin. Lizing shartnomasining muddati tugagach, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing obyekti lizing oluvchining mulki boʻlib qoladi. Lizing oluvchi lizing beruvchi oldida shartnoma yuzasidan javobgar boʻlib qolgani holda, lizing shartnomasi boʻyicha olgan mol-mulkini lizing beruvchining roziligi bilan qoʻshimcha lizingga topshirishga haqli. Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, lizing oluvchi lizing toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlashi, mol-mulkdan uni yetkazib berish shartlariga muvofiq foydalanishi, uni soz holda saqlashi, oʻz hisobidan joriy taʻmirlash ishlarini bajarishi, saqlash boʻyicha boshqa xarajatlarni amalga oshirishi shart. Lizing shartnomasi bekor qilinganida lizing oluvchi mol-mulkni lizing beruvchidan olgan holatida uning normal eskirishini va taraflarning kelishuvida shartlashilgan oʻzgarishlarni hisobga olib, qaytarib berishga majbur. Lizing oluvchi lizing toʻlovlarini toʻlash majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, lizing beruvchi oʻziga tegishi kerak boʻlgan toʻlovlarni foizi bilan olishi mumkin. Lizing oluvchi oʻz majburiyatlarini jiddiy ravishda buzgan taqdirda, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing beruvchi boʻlajak lizing toʻlovlarini tezlashtirishni yoki garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni lizing obyektiga qaratgan va zararni undirgan holda shartnomani bekor qilishni talab qilish huquqiga ega.
Lizing oluvchi lizing shartnomasining narsasi boʻlgan mol-mulkni sotuvchiga sotuvchi bilan lizing beruvchi oʻrtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan talablarni, xususan mol-mulkning sifati va butligi, uni yetkazib berish muddatlari haqidagi talablarni va shartnoma sotuvchi tomonidan zarur darajada bajarilmayotgan boshqa hollardan kelib chiqadigan talablarni qoʻyishga haqli. Bunda lizing oluvchi, mazkur mol-mulkning oldi-sotdi shartnomasidagi taraflardan biri boʻlgani kabi, ushbu Kodeksda sotib oluvchi uchun nazarda tutilgan huquqlarga ega boʻladi va majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi (sotib olingan mol-mulk haqini toʻlash majburiyati bundan mustasno). Biroq lizing oluvchi sotuvchi bilan oldi-sotdi shartnomasini lizing beruvchining roziligisiz bekor qila olmaydi. Sotuvchi bilan boʻladigan munosabatlarda lizing oluvchi va lizing beruvchi solidar kreditorlar boʻladilar. Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, lizing beruvchi oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan talablarning sotuvchi tomonidan bajarilishi uchun lizing oluvchi oldida javobgar boʻlmaydi, sotuvchi tanlash boʻyicha javobgarlik lizing beruvchining zimmasida boʻlgan hollar bundan mustasno. Sotuvchini lizing beruvchi tanlagan taqdirda, lizing oluvchi oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan talablarni oʻz xohishiga qarab, solidar javobgar boʻlgan mol-mulk sotuvchi oldiga ham, lizing beruvchi oldiga ham qoʻyishga haqli. Lizing boʻyicha topshirilgan mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi lizing beruvchidan boshqa shaxsga oʻtganida lizing shartnomasi yangi mulkdor uchun oʻz kuchini saqlab qoladi.
Chirchiq shahar adliya boʻlimi
YXKM bosh yuriskonsulti Aqnazarov Ravshan