Янгиликлар
Tekin foydalanish nima?
Tekin foydalanish nima?
Tekin foydalanish (ssuda) shartnomasi boʻyicha bir taraf (ssuda beruvchi) ikkinchi tarafga (ssuda oluvchiga) ashyoni vaqtincha tekin foydalanish uchun berish majburiyatini oladi yoki beradi, ikkinchi taraf esa bu ashyoni qanday olgan boʻlsa, normal yeyilishni hisobga olib xuddi shunday holatda yoki shartnomada nazarda tutilgan holatda qaytarib berish majburiyatini oladi. Ashyoni tekin foydalanishga berish huquqiga uning mulkdori va qonun yoki mulkdor tomonidan vakolat berilgan boshqa shaxslar ega boʻladi. Tijorat tashkiloti oʻz muassisi, ishtirokchisi (aksiyadori), rahbari, oʻz boshqaruv yoki nazorat organlarining aʻzosi boʻlgan shaxsga ashyoni tekin foydalanishga berishga haqli emas. Ssuda beruvchi ashyoni undan tekin hamda vazifasiga muvofiq foydalanish shartlariga javob beradigan holatda topshirishi shart. Agar shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, ashyo undan tekin foydalanish uchun barcha mansub ashyolari va tegishli hujjatlari (foydalanish boʻyicha yoʻriqnomalar, texnik pasporti va shu kabilar) bilan birga beriladi.
Agar bunday ashyolar va hujjatlar berilmagan boʻlib, ularsiz ashyodan vazifasiga muvofiq foydalanib boʻlmasa yoki undan foydalanish ssuda oluvchi uchun oʻz ahamiyatini ancha yoʻqotsa, ssuda oluvchi bunday ashyolar va hujjatlar berilishini yoki shartnoma bekor qilinib, oʻzi koʻrgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli. Agar ssuda beruvchi ashyoni ssuda oluvchiga bermasa, ssuda oluvchi shartnomani bekor qilish va yetkazilgan haqiqiy zararning oʻrnini qoplashni talab qilishga haqli. Ssuda beruvchi tekin foydalanish shartnomasini tuzish paytida qasddan yoki qoʻpol ehtiyotsizlik bilan ashyoning kamchiliklarini aytib qoʻymagan boʻlsa, bu kamchiliklar uchun javob beradi. Bunday kamchiliklarni aniqlaganida ssuda oluvchi oʻz xohishiga qarab, ssuda beruvchidan ashyodagi kamchiliklarni tekin bartaraf etishni yoki ashyoning kamchiliklarini bartaraf etishga qilingan xarajatlarni qoplashni yoxud tekin foydalanish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilib, haqiqiy zararni qoplashni talab qilishga haqli. Ssuda oluvchining talablaridan yoki uning ashyodagi kamchiliklarni ssuda beruvchining hisobidan bartaraf etish niyatidan xabardor qilingan ssuda beruvchi buzuq ashyoni kechiktirmasdan tegishli holatdagi xuddi shunday ashyo bilan almashtirishi mumkin. Ashyoning tekin foydalanish shartnomasini tuzish vaqtida koʻrsatib oʻtilgan yoki ssuda oluvchiga oldindan maʻlum boʻlgan yoxud u ashyoni koʻzdan kechirish yoki shartnoma tuzish yoxud ashyoni topshirish vaqtida uning sozligini tekshirish chogʻida aniqlashi lozim boʻlgan kamchiliklari uchun ssuda beruvchi javobgar boʻlmaydi.
Chirchiq shahar adliya boʻlimi
YXKM bosh yuriskonsulti Aqnazarov Ravshan