Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

07

Majburiy tibbiy koʼriklar toʼgʼrisida bilasizmi.


Majburiy tibbiy koʼriklar toʼgʼrisida bilasizmi.

Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 360-moddasida Majburiy tibbiy koʼriklar tushunchasi berilgan boʼlib, unga koʼra, Ish beruvchi quyidagilarni dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy koʼrikdan oʼtkazishni tashkil etishi shart:

oʼn sakkiz yoshga toʼlmagan shaxslarni;

umumiy belgilangan pensiya yoshiga yetgan shaxslarni;

nogironligi boʼlgan shaxslarni;

mehnat sharoitlari noqulay boʼlgan ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek transport vositalarining harakati bilan bogʼliq ishlarda band boʼlganlarni;

oziq-ovqat sanoatida, savdoda va bevosita aholiga xizmat koʼrsatish bilan bogʼliq boʼlgan boshqa tarmoqlarda ish bilan band boʼlganlarni;

umumiy oʼrta taʼlim tashkilotlarining, maktabgacha taʼlim tashkilotlarining va boshqa tashkilotlarning bevosita bolalarga taʼlim yoki tarbiya berish bilan band boʼlgan pedagog xodimlarini va boshqa xodimlarini.

Mehnat sharoitlari noqulay boʼlgan ishlarning hamda bajarilayotganda dastlabki va davriy majburiy tibbiy koʼriklar oʼtkaziladigan boshqa ishlarning roʼyxati va ushbu koʼriklarning oʼtkazilish tartibi Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

Majburiy tibbiy koʼriklar tashkilotlarga tibbiy xizmatlar koʼrsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, ular boʼlmagan taqdirda esa tashkilot joylashgan yerdagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan oʼtkaziladi.

Majburiy tibbiy koʼriklarni oʼtkazish majburiyati qonunchilikka muvofiq majburiy tibbiy koʼrikdan oʼtkazilishi lozim boʼlgan shaxslar boshqa ishga oʼtkazilgan taqdirda ham ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.

Xodimlar majburiy tibbiy koʼriklardan oʼtishi munosabati bilan chiqimdor boʼlmaydi.

Xodimlar majburiy tibbiy koʼriklardan oʼtishdan boʼyin tovlashga haqli emas.

Ish beruvchi majburiy tibbiy koʼrikdan oʼtmagan yoxud majburiy tibbiy koʼrik natijalariga koʼra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan boʼyin tovlagan shaxslarni ishdan chetlashtirishi shart.

Аgar xodim sogʼligʼining yomonlashishi mehnat sharoitlari bilan bogʼliq deb hisoblasa, u navbatdan tashqari majburiy tibbiy koʼrikdan oʼtishni talab qilish huquqiga ega.

Majburiy tibbiy koʼriklarni oʼtkazish vaqtida xodimning ish joyi (lavozimi) va oʼrtacha ish haqi saqlanib qoladi.

Yuqori Chirchiq tumani Аdliya boʼlimi Yuridik xizmat koʼrsatish markazi

bosh yuriskonsulti J.Oʼ.Nishonov