Янгиликлар
O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligiga asosan Uy ishchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi?
O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligiga asosan Uy ishchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi?
O’zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 518-moddasiga asosan Uy ishchisi mehnat shartnomasini ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxsni yetti kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirgan holda, o‘z tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga haqlidir.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ogohlantirish muddati uy ishchisi va ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxs o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra qisqartirilishi mumkin.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslardan tashqari, ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxs mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha uy ishchisi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga haqlidir.
Uy ishchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasida sodir etilganligi uchun mehnat shartnomasini ushbu Kodeks 161-moddasi ikkinchi qismining 5-bandiga muvofiq bekor qilishga yo‘l qo‘yiladigan mehnat majburiyatlarining bir marta qo‘pol ravishda buzilishlari ro‘yxati nazarda tutilishi mumkin.
Uy ishchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxs vafot etganligi munosabati bilan bekor qilinadi. Ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxsning vafotidan keyingi kun mehnat shartnomasi bekor qilingan kun deb hisoblanadi.
Ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxs vafot etganligi munosabati bilan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, mehnat shartnomasi bekor qilinganligi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha to‘lovlar ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxsning merosxo‘rlariga regress tartibida talablar yuborishga haqli bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining hisobidan amalga oshiriladi.
Uy ishchisini mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirish muddatlari, shuningdek mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishdan bo‘shatish nafaqasini hamda boshqa kompensatsiya to‘lovlarini to‘lash hollari va miqdorlari mehnat shartnomasida belgilanadi, agar ular belgilanmagan bo‘lsa, xodimlarga ushbu Kodeks hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan umumiy kafolatlar tatbiq etiladi.
Ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxs uy ishchisi bilan mehnat shartnomasini bekor qilganda mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay bu haqda ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxsning yashash joyidagi davlat soliq xizmati organini yozma shaklda xabardor qilishi shart.
Yuqori Chirchiq tuman Yuridik
xizmat ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti J.Nishonov