Янгиликлар
Mehnat qonunchiligiga asosan noqulay mehnat sharoitlari va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlari tushunchalari nima?
Mehnat qonunchiligiga asosan noqulay mehnat sharoitlari va noqulay tabiiy-iqlim sharoitlari tushunchalari nima?
O’zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 473-moddasiga asosan zararli (o‘ta zararli) va (yoki) xavfli (o‘ta xavfli) ishlab chiqarish omilining mavjudligi bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari noqulay mehnat sharoitlaridir. Xodimning mehnat faoliyati amalga oshiriladigan ishlab chiqarish muhiti va mehnat jarayoni omillari ishlab chiqarish omillaridir.
Xodimga ta’siri kasb kasalligiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish omilining mavjudligi bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari zararli mehnat sharoitlaridir.
Xodimga ta’siri uning jarohatlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish omilining mavjudligi bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari xavfli mehnat sharoitlaridir. Miqdoriy tavsifiga va ta’sir ko‘rsatishning davomiyligiga qarab ayrim zararli ishlab chiqarish omillari xavfli bo‘lishi mumkin.
Kasb kasalliklarining og‘ir shakllarini (umumiy mehnat qobiliyatining yo‘qotilishi) yoxud surunkali kasalliklar sonining ancha o‘sishini va mehnat qobiliyatining vaqtincha yo‘qotilishi kuzatiladigan kasallanishning yuqori darajalarini keltirib chiqaradigan zararli ishlab chiqarish omillari darajalari bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari o‘ta zararli mehnat sharoitlaridir.
Smena davomida o‘limga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan ishlab chiqarish omillari bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlari o‘ta xavfli mehnat sharoitlaridir.
Noqulay tabiiy-iqlim sharoitlari deganda xodim tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirishga va uning cho‘l joylarda, baland tog‘li, borish qiyin bo‘lgan joylarda, shuningdek noqulay ekologik vaziyatga ega bo‘lgan joylarda istiqomat qilishiga noqulay ta’sir ko‘rsatadigan tabiiy-iqlim, geografik, ijtimoiy-iqtisodiy va tibbiy-biologik omillar yig‘indisi tushuniladi. Mehnat qilish uchun noqulay tabiiy-iqlim sharoitlariga ega bo‘lgan joylar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
474-modda. Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish
Mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish asosida aniqlanadigan, mehnat sharoitlari xodimning mehnat qobiliyatiga va sog‘lig‘iga nomaqbul ta’sir ko‘rsatadigan ish o‘rinlarida band bo‘lgan xodimlar mehnat faoliyatini noqulay mehnat sharoitlarida amalga oshiruvchi xodimlardir.
Mehnat sharoitlarini, ish o‘rinlaridagi mehnat jarayonining og‘irligi va tig‘izligini hamda asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfini baholash, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini aniqlash, shuningdek mehnat sharoitlarini, mehnat jarayonining og‘irligi va tig‘izligini qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiqlashtirish maqsadida o‘tkaziladigan tadbirlar majmui ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazishdir.
Ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunaning jarohat yetkazish xavfi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Yuqori Chirchiq tuman Yuridik xizmat
ko’rsatish markazi bosh yuriskonsulti Sh.Abdurahmonov