Янгиликлар
Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor oʼrtasidagi mehnat shartnomasi tuzish tartibi toʼgʼrisida bilasizmi?
Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor oʼrtasidagi mehnat shartnomasi tuzish tartibi toʼgʼrisida bilasizmi?
Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 508-moddasida, Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor oʼrtasidagi mehnat shartnomasi tuzish tartibi belgilangan boʼlib, unga koʼra, Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ishga qabul qilinayotgan shaxs bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar yuzaga kelishiga yozma shaklda tuziladigan mehnat shartnomasi asos boʼladi.
Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan ishga qabul qilinayotgan xodim bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi yoki muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin. Bunda mehnat shartnomasining muddati yakka tartibdagi tadbirkor davlat roʼyxatidan oʼtkazilganligi toʼgʼrisidagi guvohnomaning amal qilish muddatidan oshmasligi kerak.
Ish qidirayotgan shaxs mehnat shartnomasi tuzilguniga qadar mehnat va bandlik shartlari toʼgʼrisida oldindan xabardor qilingan boʼlishi kerak.
Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor oʼrtasidagi mehnat shartnomasining namunaviy shakli Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʼyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Mehnat shartnomasi uch nusxada tuziladi, ulardan biri yakka tartibdagi tadbirkorda qoladi, ikkinchisi yollanma xodimga beriladi, uchinchisi esa yakka tartibdagi tadbirkorning soliq boʼyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladi. Mehnat shartnomasining nusxasini davlat soliq xizmati organiga taqdim etish elektron shaklda ham amalga oshirilishi mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollanma xodimlarni ishga qabul qilish buyruq eʼlon qilmasdan amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlovchi xodimlarga mehnat daftarchalari yuritilmaydi.
Yuqori Chirchiq tumani Аdliya boʼlimi Yuridik xizmat koʼrsatish markazi
bosh yuriskonsulti J.Oʼ.Nishonov