Янгиликлар
Pedagog xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʼziga xos xususiyatlari toʼgʼrisida bilasizmi?
Pedagog xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʼziga xos xususiyatlari toʼgʼrisida bilasizmi?
Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 501-moddasida Pedagog xodimlar mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning oʼziga xos xususiyatlari belgilangan boʼlib, unga koʼra, Umumiy oʼrta taʼlim tashkilotlarining, maktabgacha taʼlim tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlarning bolalarni oʼqitish yoki tarbiyalash bilan bevosita shugʼullanuvchi pedagog xodimlari va boshqa xodimlari Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibda dastlabki tarzda (ishga qabul qilish chogʼida) va davriy (ish jarayonida) majburiy tibbiy koʼriklardan oʼtadi.
Tegishli maʼlumotga, kasbiy tayyorgarlikka, maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʼlgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shugʼullanish huquqiga ega.
Pedagog xodimlarni oliy taʼlim tashkilotlariga kafedra mudiri, professor, dotsent, katta oʼqituvchi, oʼqituvchi (assistent), stajyor-oʼqituvchi lavozimlariga ishga qabul qilish Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi.
Oliy taʼlim tashkilotining rahbariga tanlov oʼtkazilguniga qadar kafedra mudiri vakant lavozimi boʼyicha vazifalarni bajarishni kafedraning yetakchi oʼqituvchilaridan birining yoki tegishli fakulьtet dekanining zimmasiga yuklatishga ruxsat beriladi.
Oliy taʼlim tashkilotlariga soatbay haq toʼlanishi shartlari asosida oʼqituvchilik ishiga kirayotgan shaxslar tanlovsiz, oliy taʼlim tashkiloti rahbarining buyrugʼi bilan ishga qabul qilinadi.
Taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlariga haftasiga oʼttiz olti soatdan ortiq boʼlmagan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi va yillik uzaytirilgan mehnat taʼtili beriladi. Pedagog xodimlar ish vaqtining aniq davomiyligi va yillik uzaytirilgan mehnat taʼtilining davomiyligi Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari boʼyicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Taʼlim tashkilotlari mehnatga haq toʼlash uchun mavjud mablagʼlar doirasida mustaqil ravishda lavozim maoshlariga tabaqalashtirilgan ustamalar belgilashga hamda mehnatga haq toʼlash va uni ragʼbatlantirishning turli shakllarini qoʼllashga haqli.
Yuqori Chirchiq tumani Аdliya boʼlimi Yuridik xizmat koʼrsatish markazi
bosh yuriskonsulti J.Oʼ.Nishonov