Янгиликлар
XODIMLARNING ARIZALARI
XODIMLARNING ARIZALARI
Xodimlarning ish beruvchi nomiga oʻz mehnat huquqlari va majburiyatlariga doir masalalar yuzasidan murojaatlari ariza shaklida beriladi.
Xodimning ish beruvchi nomiga beradigan arizasi asosan, uning mehnat huquqlari va mehnat kafolatlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi tashabbusi mazmuniga ega boʻladi.
Shundan kelib chiqib, xodimlarning arizalarini quyidagi turlarga ajratish mumkin:
-xodimni ishga qabul qilish toʻgʻrisidagi arizasi;
- xodimni boshqa ishga oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizasi;
- mehnat shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza;
- mehnat taʼtiliga chiqish toʻgʻrisidagi ariza;
- homiladorligi munosabati bilan ishlab chiqarish normalarini kamaytirish toʻgʻrisidagi ariza;
- ish beruvchi tomonidan taklif etilgan ishni qabul qilishga rozilik berishi toʻgʻrisidagi ariza;
-ish beruvchi tomonidan taklif etilgan ishga oʻtib ishlashni rad etish toʻgʻrisidagi ariza;
- mehnat shartnomasini bekor qilinishi munosabati bilan berilgan ogohlantirish muddatini kompensatsiya toʻloviga oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza;
- xodimni toʻliqsiz ish vaqti rejimiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza;
- ish vaqtidan tashqari ishda ishlashga rozilik toʻgʻrisida ariza;
shuningdek, boshqa turdagi arizalar.
Xodimlarning arizalari qanday murojaat hisoblanadi? Bu arizalar Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrida”gi Qonun bilan koʻrib chiqiladimi?
Ariza xodim tomonidan berilganida, ariza beruvchi sifatida xodimning ish joyi, lavozii va ismi, sharifi hamda familiyasi keltiriladi.
Aynan shu jihatidan xodimning arizasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunda koʻrsatilgan jismoniy shaxsning arizasidan farqlanadi.
Chunki bilasiz, jismoniy shaxsning umumiy huquqlariga doir arizalarida ariza beruvchi sifatida uning aniq uy manzili koʻrsatilishi kerak.
Yaʼni bu yerdagi farqli tomoni xodimning arizasida uning ish joyi, jismoniy shaxs arizasida uning uy manzili koʻrsatiladi.
Boshqa tomondan xodimning arizasi maʼlum bir vaziyatda jismoniy shaxsning arizasiga aylanishi mumkin, bu qanday vaziyatlarda roʻy beradi?
Masalan, eʼtibor qarating: xodim ish beruvchiga dastlabki bosqichda xodim sifatida ariza bergan taqdirda, uning murojaati qanoatlantirilmadi, shunda xodim oʻz uy manzilini koʻrsatib, oʻz mehnat huquqlariga doir shartlar yuzasidan ish beruvchining xat-hujjatlarni qabul qilish boʻlimlari (devonxona, kotibiyat kabilar)ga ariza toshiradi hamda uning murojaati ayni shu vaziyatda jismoniy shaxsning murojaatiga aylanadi.
Xodimlarning arizalari ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi ichki yozishma hisoblanadi, shuning uchun koʻplab korxonalarda xodimlarning arizalari kadrlar xizmati tomonidan shunchaki qabul qilib olinadi va tegishli tartibda roʻyhatga olinmaydi.
Bu albatta, koʻpincha taraflar oʻrtasida turli nizolarga sabab boʻladi.
Masalan, ariza bergan xodimning masalasi oʻz vaqtida hal boʻlmaganida, xodim ish beruvchi oldida arizasini kadrlar xizmatiga bir muncha vaqt oldin berganligini maʼlum qilsa, kadrlar xizmati xodimi arizani kechagina qabul qilib olganligini bildiradi, natijada koʻngilsiz kelishmovchiliklar kelib chiqadi.
Bunday muammolarga yoʻl qoʻymaslik uchun kadrlar xizmati tomonidan xodimlarning arizalarini roʻyhatga olish daftari tutilishi hamda xodimlar tomonidan taqdim etiladigan har bir ariza ushbu jurnalda belgilangan muddatlarda roʻyhatga olib borilishi kerak.
Yangi yoʻl tumani Adliya boʻlimi
YXKM Bosh yuriskonsult Sh.Amriyev