Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

11

Mehnat shartnomasini taraflar kelishuviga koʻra bekor qilish tartibi (MK 157-modda).


Mehnat shartnomasini taraflar kelishuviga koʻra bekor qilish tartibi (MK 157-modda).

Ish beruvchi va xodim mehnat shartnomalarining barcha turlarini MKning 157-moddasiga asosan taraflarning kelishuviga koʻra istalgan vaqtda bekor qilishi mumkin.

Taraflarning kelishuvi mehnat shartnomasiga doir qoʻshimcha kelishuv bilan yozma shaklda rasmiylashtiriladi, unda mehnat shartnomasi bekor qilinadigan sana, qoʻshimcha kelishuv tuzilgan sana va taraflarning rekvizitlari koʻrsatilishi shart.

Bu kelishuvda mehnat shartnomasi aynan qaysi kundan bekor qilinishi aniq qilib koʻrsatilishi kerak. Lekin, kelishuvda mehnat shartnomasini bekor qilishning "taraflarning kelishuvi"dan tashqari boshqa sabablari koʻrsatilishi talab etilmaydi.

Eʼtibor bering, qoʻshimcha kelishuv bir xil kuchga ega boʻlgan kamida ikki nusxada tuzilib, ularning har biri taraflar tomonidan imzolangan boʻlishi kerak.

Qoʻshimcha kelishuv xodimning va ishga qabul qilish huquqiga ega boʻlgan rahbarning imzolari bilan tasdiqlanadi. Ish beruvchida muhr mavjud boʻlgan taqdirda qoʻshimcha kelishuvning har ikki nusxasi muhr bilan tasdiqlanishi kerak. Qoʻshimcha kelishuvning bir nusxasi xodimga beriladi, boshqasi ish beruvchida saqlanadi.  

Qoʻshimcha kelishuv tuzilganidan soʻng xodim mehnat shartnomasini bekor qilish kunigacha niyatidan qaytib, ishlashni davom ettirish haqida murojaat qilsa, ish beruvchi uning murojaatini qanoatlantirishga majbur boʻlmaydi.

Chunki, mehnat shartnomasini taraflar kelishuviga koʻra bekor qilish haqidagi qoʻshimcha kelishuv kabi uning shartlarini oʻzgartirish, unga qoʻshimcha kiritish, shu jumladan, qoʻshimcha kelishuvni bekor qilish ham har ikki tarafning oʻzaro roziligi va yozma kelishuvi bilan amalga oshiriladi.

Amaliyotda koʻp uchraydigan yana bir masala. Mehnat shartnomasini taraflarning kelishuviga koʻra bekor qilishda taraflarning oʻzaro yozishmalari, jumladan, xodim tomonidan alohida tartibda ariza berilishi shart emas. Chunki, MK 157-moddasida bunday talablar nazarda tutilmagan.

Bu asos bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qoʻshimcha kelishuv va mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi buyruqning oʻzi kifoya.

 

Bu asos bilan mehnat shartnomasini bekor qilish amaliyotining xodim tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qilish (MK 160-modda)dan farqli tomoni, bunda ish beruvchi ham mehnat shartnomasini bekor qilish taklifi (istagi) bilan chiqishi mumkin. Xodim tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishda esa, tashabbus ham, istak ham xodimdan chiqqan boʻladi, ish beruvchidan emas.

Lekin, ish beruvchilar tushunishlari kerakki, mehnat shartnomasini ushbu asosga koʻra bekor qilishda oʻrtada nizo chiqqan taqdirda sudlar har bir holatni sinchkovlik bilan tekshiradi.

Jumladan, sudlar xodimning qoʻshimcha kelishuvni ish beruvchining qistovi yoki aldash, zoʻrlik, qoʻrqitish yoki turli shakllardagi bosim oʻtkazishi natijasida imzolaganligi haqidagi vajlarini ham aniqlashga harakat qiladi. Agar bunday holatlar aniqlansa, sud natijasi ish beruvchi uchun yaxshilik bilan tugamasligi aniq.

Bizni kuzatuvchi ish beruvchilar va boshqa masʼul xodimlar mehnat shartnomasini taraflar kelishuviga koʻra bekor qilishda biroz hushyor boʻlib, yuqoridagi maslahatlarga amal qilsalar foydadan holi boʻlmaydi.

 

Yangiyoʻl tuman adliya boʻlimi

yuridik xizmat koʻrsatish

Markazi boshligʻi                                                   S.Djamalov