Янгиликлар
Xodim taʼtil jadvalida belgilanganidan oldinroq taʼtilga chiqmoqchi, ish beruvchi bunga qarshilik qilishi mumkinmi?
Xodim taʼtil jadvalida belgilanganidan oldinroq taʼtilga chiqmoqchi, ish beruvchi bunga qarshilik qilishi mumkinmi?
Taʼtil jadvalida belgilangan muddat deyilyaptimi, demak, xodim ikkinchi va undan keyingi ish yillarida ishlamoqda. Mehnat kodeksining 228-moddasida ikkinchi va keyingi ish yillari uchun har yilgi mehnat taʼtilini berish har ikki tomon uchun majburiy boʻlgan taʼtillar jadvali bilan belgilanishi koʻrsatilganda. Yaʼni, taʼtil jadvali ish beruvchi uchun ham, xodim uchun ham majburiydir.
MK 228-moddaning oxirgi qismida “jadvalda belgilangan har yilgi mehnat taʼtilini berish vaqti xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan oʻzgartirilishi mumkin” deyilgan. Bu qoidaning mazmuni xodim taʼtil jadvalida koʻrsatilgan muddatdan boshqa muddatda mehnat taʼtiliga chiqmoqchi boʻlsa, buning uchun ish beruvchining kelishuvi, yaʼni rahbarning roziligi kerak boʻladi.
Shunday ekan, umumiy holatlarda ish beruvchi xodimni taʼtil jadvalidan boshqa muddatda mehnat taʼtiliga chiqish haqidagi murojaatiga rad javobi berishi ham mumkin.
Biroq, MK 228-moddasida ayrim istisnoviy holatlar bor, bunga koʻra quyidagi xodimlar oʻzlariga qulay vaqtda mehnat taʼtili olishga haqli (yaʼni ish beruvchi rad etolmaydi):
-ayollarga — homiladorlik va tugʻish taʼtilidan oldin yoki undan keyin;
-bolani parvarishlash taʼtilidan foydalanayotgan xodimga ushbu taʼtildan oldin yoki keyin;
-14 yoshga toʻlmagan bir yoki undan ortiq nafar bolani (16 yoshga toʻlmagan nogironligi boʻlgan bolani) tarbiyalayotgan shaxslarga (yolgʻiz ota-onaga, shu jumladan beva ayollarga, beva erkaklarga, nikohdan ajralganlarga, muddatli harbiy xizmatdagi harbiy xizmatchilarning xotinlariga, ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga);
-I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga;
-1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari boʻyicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
-18 yoshdan kichik boʻlgan shaxslarga;
-ishdan ajralmagan holda taʼlim tashkilotlarida oʻqiyotganlarga, agar ular oʻzining har yilgi mehnat taʼtilini imtihonlar, sinovlar (zachyotlar) topshirish, bitiruv malakaviy ishlarini, magistrlik dissertatsiyalarini, kurs, laboratoriya ishlarini va boshqa oʻquv ishlarini bajarish vaqtiga toʻgʻrilab olishni xohlasa;
-“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga;
-jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida yoxud boshqa ichki hujjatlarda belgilangan hollarda boshqa xodimlarga;
-shuningdek, ishlaydigan erkaklarga agar murojaat qilsa, xotinining homiladorlik va tugʻish taʼtili davrida beriladi.
Yangiyoʻl tuman adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish
Markazi boshligʻi S.Djamalov