Янгиликлар
Xodimni malaka oshirishga yuborish xizmat safari hisoblanadimi?
Xodimni malaka oshirishga yuborish xizmat safari hisoblanadimi?
Koʻpchilik xodimni malaka oshirish yoki qayta tayyorlashga yuborishni xizmat safari bilan bitta narsa deb oʻylaydi. Aslida unday emas.
Mehnat kodeksining 286-moddasida: birinchi oʻrinda xizmat safari turgan boʻlsa; toʻrtinchi oʻrinda ish beruvchining yoʻllanmasi bilan kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan oʻtish davri turibdi.
Yaʼni, MK 286-moddada xodimning xizmat safari alohida, qayta tayyorlash va malaka oshirishga yuborish alohida jarayon ekanligi koʻrsatilgan. Oʻz navbatida, MK 287-modda xizmat safariga (bu davrga toʻlanadigan kompensatsiyaga) bagʻishlangan, 290-modda esa qayta tayyorlash va malaka oshirishga (va kompensatsiya toʻlovlariga) bagʻishlangan. Yaʼni, bularning ikkita alohida moddalarga ajratilgan boshqa-boshqa huquqiy jarayonligi shundan ham koʻrinmoqda.
Yana bir jihat, MK 287-moddada xizmat safariga xodimning ish beruvchi farmoyishiga binoan doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirigʻini bajarish uchun boshqa joyga maʼlum muddatga qiladigan safari deb taʼrif berilgan. Eʼtibor bering, xizmat safarida xodim ish beruvchining konkret bir xizmat topshirigʻini bajarish uchun yuboriladi, yanada aniqrogʻi, xizmat safariga borgan joyda xodim ish beruvchidan olgan topshiriq boʻyicha ishlaydi va mehnat qiladi.
Yoʻllanma boʻyicha qayta tayyorlashga yoki malaka oshirishga yuborilganda esa, xodim nima bilan band boʻladi? Albatta oʻqish bilan, taʼlim olish bilan, qandaydir amaliy topshiriqni bajarish bilan emas. Demak, yana takrorlaymiz, xodim ish beruvchi tomonidan boshqa bir joyga malaka oshirish yoki qayta tayyorlash uchun yuborilishi bu xizmat safari hiosblanmaydi.
Unda qayta tayyorlash va malaka oshirish davri uchun harajatlar qanday qoplanadi degan savol tugʻiladi.
Mehnat kodeksining 290-moddasi 1-qismida “agar ish beruvchining yoʻllanmasi boʻyicha xodimning kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan oʻtishi boshqa joyga koʻchishni talab qilsa, xodimga oʻqish joyiga borish va qaytib kelish, shuningdek uy-joyni ijaraga olish xarajatlarining oʻrni qoplanadi” deyilgan. Yaʼni, yoʻllanma (rasmiy xat) bilan yuqoridagi oʻqish turlariga boshqa joyga yuborilganda xodimlarga borish-kelish transport harajatlari va turar-joy harajatlari qoplanadi.
Endi, sutkalik harajatlar masalasi qolyapti toʻgʻrimi? Qarang, Kodeksning 290-moddasi 2-qismida shunday deyilmoqda: “jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan ichki hujjatda kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkaga yuborilgan xodimlarga yashash joyidan tashqarida yashaganlik uchun kompensatsiya (sutkalik) toʻlovi belgilanishi mumkin”.
Yaʼni, xodimga 290-modda boʻyicha oʻqishda boʻlgan davriga sutkalik (ovqatlanish va boshqa harajatlar) davrida pul toʻlash uchun bu masala tashkilotning jamoa shartnomasida yoki rahbarning kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishilgan boshqa ichki hujjatida koʻrsatib qoʻyilgan boʻlishi kerak. Boʻlmasa, muammo boʻlishi mumkin.
Umuman, ish beruvchilarga tavsiya shuki, hozir koʻpchiligingiz jamoa shartnomalarini yangilayotgan vaqtdasiz, demak, xodimlarni kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan oʻtish uchun yuborgan holatda qoplab beriladigan toʻlovlar (transport, turar-joy va sutkalik toʻlovlar)ning aniq miqdorlarini albatta kiritib keting.
Yangiyoʻl tuman adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish
Markazi boshligʻi S.Djamalov