Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 501-05-15

Elektron manzil
tosh_vil@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

11

MEHNAT SHARTNOMASI BEKOR QILINGANIDA XODIMLAR BILAN HISOBLASHISH TARTIBI


MEHNAT SHARTNOMASI BEKOR QILINGANIDA XODIMLAR BILAN HISOBLASHISH TARTIBI

        Xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi har qanday asos bilan bekor qilinganida ham Mehnat kodeksining (keyingi oʻrinlarda - MK) 234-moddasi birinchi qismiga koʻra foydalanilmagan har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillari uchun xodimga pulli kompensatsiya toʻlanadi.

       Kompensatsiyani hisoblab chiqarish uchun MKning 224-moddasidagi har yilgi mehnat taʼtili davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarish tartibi “formulasi”ni oʻrganib olsangiz kifoya.

      Qarang, har yilgi mehnat taʼtilining davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarishda uning davomiyligi har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtilining toʻliq miqdorini 12 ga boʻlish hamda toʻliq ishlangan oylar soniga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi. Bunda 15 kalendar kunga teng va undan koʻp boʻlgan ortiqcha kunlar bir oy deb yaxlitlanadi, 15 kalendar kundan kami esa hisobga olinmaydi. Ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda mehnat taʼtili kunlari umumiy davomiyligini hisoblashda olingan 0,5 ga teng va undan koʻp oʻnliklar bir kun deb yaxlitlanadi, 0,5 dan kami esa hisobdan chiqarib tashlanadi.

       Asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtilining toʻliq miqdori – MKning 217, 218, 219, 220-moddalaridagi taʼtillar hamda jamoa shartnomasida koʻrsatilgan qoʻshimcha taʼtillarni 222-moddaga asoslangan holda qoʻshib jamlab belgilanadi.

Mana endi turli lavozimlarda faoliyat olib borayotgan xodimlarga tegishli taʼtilining toʻliq miqdorini 12 ga boʻlib “taʼtil formulasini” chiqaramiz. Masalan:

21:12=1,75; 24:12=2; 27:12=2,25; 30:12=2,5; 33:12=2,75; 36:12=3; 48:12=4; 56:12=4,666...

Endi uni toʻliq ishlangan oylar soniga koʻpaytirish uchun ishlangan oylar chiqarib olinadi. Bunda, xodimning kirib kelgan ish yilidan (yoki xodim birinchi ish yili uchun taʼtildan foydalanmagan boʻlsa, ish boshlagan kundan) mehnat shartnomasi bekor qilinayotgan kunga qadar ishlagan oylari olinadi.

Masalan, xodimning toʻliq taʼtili miqdori 21 kalendar kundan iborat. U 10.07.2023-yilda ishga qabul qilingan, 17.12.2023-yilda u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinmoqda. Demak, xodim 5 oy 7 kun ishlagan. Yana 224-moddaga qaytamiz: 15 kalendar kunga teng va undan koʻp boʻlgan ortiqcha kunlar bir oy deb yaxlitlanadi, 15 kalendar kundan kami esa hisobga olinmaydi. Xodim ishlagan 7 kalendar kunni hisobga olmaymiz va xodim ishlagan oylari soni 5 oyni tashkil etadi.

-Nihoyat, yakuniy arifmetik amal bajariladi: xodimning toʻliq taʼtil miqdori (21 kun)ni oʻn ikkiga boʻlib chiqarib olingan tegishli “formula”ga uning ishlagan oylari soni koʻpaytiriladi: 1,75x5=8,75.

 

Endi ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda mehnat taʼtili kunlari umumiy davomiyligini hisoblashda olingan 0,5 ga teng va undan koʻp oʻnliklar bir kun deb yaxlitlanadi, 0,5 dan kami esa hisobdan chiqarib tashlanadi degan qoidani ishlatamiz. Aniqlangan sonimiz 8,75 chiqdi va 0,5 oʻnlikdan koʻp boʻlgan 0,75 bir kun deb yaxlitlanadi va bunda 9 soni kelib chiqadi.

-Demak, xodimga foydalanilmagan har yilgi asosiy va qoʻshimcha mehnat taʼtillari uchun 9 kunga teng pullik kompensatsiya toʻlanadi.

MKning 269-moddasiga koʻra, xodim qaysi ish yili hisobiga taʼtil olib boʻlgan boʻlsa, oʻsha yil tugaguniga qadar mehnat shartnomasi bekor qilinganda taʼtilning ishlab berilmagan kunlari uchun xodimning yozma roziligidan qatʼi nazar, ish haqidan ushlab qolish amalga oshiriladi. Bunda xodimning mehnat shartnomasi bekor qilinadigan kundan uning ish yilining oxirgi sanasiga qadar ishlanmagan davri chiqariladi.

-Masalan, xodim 15.05.2023-14.05.2024 ish yili uchun 56 kalendar kundan iborat boʻlgan mehnat taʼtilini olib boʻlgan. 18.12.2023-yilda oʻz tashabbusiga koʻra mehnat shartnomasini bekor qildi. Bunda ishlab berilmagan kundan, yaʼni 2023-yilning 19-dekabridan 2024-yilning 14-mayiga qadar xodimning ishlamagan davri hisoblanadi: 4 oy, 26 kun. Xodim ishlagan 26 kalendar kun bir oy deb yaxlitlanadi va bu 4 oyga qoʻshiladi hamda xodim ishlagan oylari soni 5 oyni tashkil etadi. Shu 5 oy yuqoridagi “formula”ga qoʻyib hisoblanadi: 5x4,666...=23,33. Bu 0,33 chiqarib tashlanadi.

Demak, 269-moddaning 6-bandiga asosan taʼtilning ishlab berilmagan 23 kuni uchun xodimning mehnat haqidan ushlab qolinadi.

Yana shunga ham diqqat qilingki, har yilgi mehnat taʼtilining ishlab berilmagan kunlari uchun ushlab qolishlar mehnat shartnomasi MK 137-moddasining 4-qismida, 143-moddasining 2-qismida, 146-moddasining 5-qismida, 161-moddasi 2-qismining 1, 2 va 3-bandlarida, 168-moddasi 1-qismining 1, 2, 6, 8 va 9-bandlarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra, shuningdek xodimning tashabbusi bilan MK 160-moddasining 8-qismida koʻrsatilgan uzrli sabablar mavjud boʻlganda bekor qilingan taqdirda amalga oshirilmaydi.

Basharti ishga qabul qilishga doir belgilangan qoidalarning buzilishi yoxud yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatning davom etishiga monelik qiluvchi holatlarning yuzaga kelishi xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bogʻliq boʻlmasa, mehnat shartnomasi MK 168-moddasining 4 va 5bandlariga koʻra bekor qilinganda ham har yilgi mehnat taʼtilining ishlab berilmagan kunlari uchun ushlab qolish amalga oshirilmaydi.

Izoh: MKning 226-moddasida aytib oʻtilgan holatlarga ham diqqat qiling! Agar xodim oʻzining iltimosiga koʻra ish yili davomida ikki haftadan oshadigan ish haqi saqlanmaydigan taʼtillar (yoki shu moddadagi nazarda tutilgan boshqa holatlar) vaqtida boʻlgan boʻlsa bu davr har yilgi mehnat taʼtilini olish huquqini beradigan ish stajiga kirmaydi.

Masalan, xodim ish davri mobaynida 30 kalendar kundan iborat boʻlgan ish haqi saqlanmaydigan taʼtil olgan. Bu taʼtil turining 2 hafta mudati har yilgi asosiy mehnat taʼtilini va bitta tashkilotda yoki tarmoqda koʻp yillik ish staji uchun qoʻshimcha taʼtil olish huquqini beruvchi ish staji jumlasiga kiradi, lekin 2 haftadan ortiq 16 kalendar kunlik qismi xodimning ishlab berilmagan vaqti hisoblanadi. Bunda xodimning toʻliq ishlangan oylar soni 5 oyni tashkil qilsa, 16 kalendar kun ishlagan oylar sonidan ayirib tashlanadi. Natijada xodimning ishlagan oylari soni 4 oy 14 kunni tashkil etadi. Yakuniy hisob 5 oydan olib emas, balki 4 oy uchun "formula"ga qoʻyib hisoblansa toʻgʻri boʻladi.

 

Yangiyoʻl tuman adliya boʻlimi

yuridik xizmat koʻrsatish

Markazi boshligʻi                                                                  S.Djamalov