Янгиликлар
Tovarni vaqtincha olib chiqish muddati
Tovarni vaqtincha olib chiqish muddati
Tovarni vaqtincha olib chiqish muddati tovar vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan eʻtiboran ikki yilni tashkil etadi.
Tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirgan shaxs mazkur bojxona rejimining amal qilishi muddati tugamay Bojxona Kodeksning 41-moddasiga muvofiq ushbu bojxona rejimini tugallash huquqiga ega.
Quyidagi tovarlarning vaqtincha olib chiqish muddati bojxona organi tomonidan vakolatli shaxsning arizasi asosida ikki yildan koʻproq muddatga uzaytirilishi mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlar hududida joylashgan obyektlarida, diplomatik vakolatxonalarida va konsullik muassasalarida foydalanish uchun olib chiqilgan tovarlar;
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari hamda chet davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari oʻrtasidagi ijara shartnomalari asosida vaqtincha olib chiqilgan temir yoʻl va havo transporti vositalari, shuningdek ularning ehtiyot qismlari hamda ularga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan transport uskunalari. Bunda vaqtincha olib chiqish muddati ijara shartnomasi muddatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi;
lizing shartnomasi asosida olib chiqilgan tovarlar. Bunday tovarlarni vaqtincha olib chiqishga lizing shartnomasining amal qilish muddatiga ruxsat etiladi;
tovarlarni (ishlarni va xizmatlarni) eksport qilish kontrakti (shartnomasi, kelishuvi) shartlari boʻyicha kafolat muddati ichida xizmat koʻrsatish va nuqsonlarni bartaraf etish uchun olib chiqilgan tovarlar (bojxona hududidan tashqarida qoldirish uchun moʻljallangan tovarlar bundan mustasno). Bunday tovarlarni vaqtincha olib chiqishga kafolat davrining amal qilish muddatiga yoʻl qoʻyiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida vaqtincha olib chiqishning koʻproq muddati belgilangan tovarlar.
Tovarni vaqtincha olib chiqish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza vaqtincha olib chiqish bojxona rejimining amal qilish muddati tugaguniga qadar bojxona organiga berilishi lozim. Tovarni vaqtincha olib chiqish muddatini uzaytirish tovarni bojxona organiga taqdim etmasdan amalga oshiriladi.
Vakolatli shaxs tomonidan bojxona organiga tovarni vaqtincha olib chiqish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida ariza berilishi tovarni vaqtincha olib chiqish muddatini uzib qoʻymaydi va toʻxtatib turmaydi.
Tovarni vaqtincha olib chiqish muddati uzaytirilayotganda boshqa bojxona deklaratsiyasi berilmaydi.
Yangiyoʻl tuman adliya boʻlimi
yuridik xizmat koʻrsatish
Markazi boshligʻi S.Djamalov